Xabar berganimizdek, poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

–“Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish. Shu sababli biz O‘zbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida ta’lim tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o‘rta ta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb  2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir. Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim,– dedi davlatimiz rahbari. – Sizlarga yaxshi ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib keladi.

Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo‘ygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o‘n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosining sathini o‘lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan o‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Bu haqda so‘z borar ekan, o‘tmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin o‘z davrining universitetlari bo‘lgan madrasalar faoliyat ko‘rsatganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Azal-azaldan bizning yurtimizda ta’lim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uyg‘un rivojlangan, yuksak bilim va ma’naviyat sohibi bo‘lgan komil inson g‘oyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi ma’lum.

20 chi asr boshida faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ ma’rifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning:

“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat,  yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz.

 

O‘zA