Milliy matbuot markazida Hadis ilmi maktabi tashkil etilishi tafsilotlariga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi Hadis ilmi maktabi xususida maʼlumot berildi.
Jumladan, mazkur taʼlim dargohi bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom Oʻzbekiston Respublikasida oliy diniy taʼlim sohasidagi bakalavr darajasini beruvchi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat, deb eʼtirof etiladi. Maktabda “Hadisshunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavr kadrlar tayyorlanadi. Oʻqish muddati 5 yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyatli boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilaridan saralab olinadi.
– Hadis ilmi maktabida Qurʼon, hadis, fiqh va aqida ilmi, arab tili, Islom tarixi, aniq va tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda xorijiy tillardan yoshlarga saboq beriladi, – deydi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov. – Ushbu maktabni shakllantirishda Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar universiteti, Mavritaniyadagi Hadis ilmi mutaxassislarini tayyorlash markazi, Turkiyadagi Marmara davlat universiteti, Pokistondagi Dorul ulum universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalarining tajribasi oʻrganildi. Qoʻmitamiz Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda maktab bilan turli xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xorijlik professor-oʻqituvchilarni jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshiradi.
Hadis ilmi maktabiga 2018-2019 oʻquv yili uchun qabul joriy yilning 8 noyabridan 15 noyabrigacha belgilandi.