Toshkent harbiy okrugi serjantlar tayyorlash maktabining navbatdagi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, mazkur ta’lim muassasasi o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, jamoatchilik vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni L.Buzrukov, Toshkent harbiy okrugi serjantlar tayyorlash maktabi boshlig‘i Sh.Usmonov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki vazifalar qo‘shinlari korpusi qo‘mondoni X.Botirov va boshqalar mamlakatimiz mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, milliy armiyamiz uchun malakali kadrlar tayyorlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda serjantlar tayyorlash maktablarida o‘qitishning eng zamonaviy shakl va usullari axborot-kommunikatsiya va komputer texnologiyalaridan keng foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Professional malaka va intellektual salohiyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan, bilimdon, har qanday vaziyatda tezkor, mustaqil va to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan yetuk kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Toshkent harbiy okrugi serjantlar tayyorlash maktabida harbiy xizmatchilarning zamonaviy ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi va dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Toshkent harbiy okrugi serjantlar tayyorlash maktabida Qurolli Kuchlarimizga 18 mutaxassislik bo‘yicha yetuk, malakali serjant kadrlar tayyorlab berilmoqda, – deydi podpolkovnik A.Turdiyev. – Ta’lim muassasamiz shaxsiy tarkibi sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, professional serjantlarning malakasini oshirishdek mas’uliyatli va sharafli vazifani a’lo darajada bajarib kelmoqda.

O‘tgan yillarda mazkur muassasa bitiruvchilaridan ko‘pchiligi turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or serjantlar tayyorlash maktabi” ko‘rik-tanlovida mazkur maktab ketma-ket to‘rt marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

– Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbni tanlagan inson zimmasidagi mas’uliyat yuki nechog‘li zalvorli ekanini yaxshi biladi, – deydi bitiruvchi, kichik serjant Sh.Tillaboyev. – Serjantlar tayyorlash maktabini bitirganlik haqidagi sertifikatni qo‘limga olar ekanman, bu mas’uliyatni yanada teran his etdim. Bu yerda o‘rganganlarimni, bor kuch-g‘ayratimni xalqimizga, Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilishga, Vatanimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish, harbiy qudratini yanada mustahkamlash hamda yurtimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga bag‘ishlayman.

Vatan, tinchlik va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.