Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida shunday shior ostida yoshlar festivali tashkil etildi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan o‘tkazilgan festivalda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, siyosatchilar, san’at namoyandalari, yoshlar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari O.Hamroyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni kamolga yetkazishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida yoshlar faolligini oshirish, kelajak avlodni turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” va boshqa illatlar ta’siridan asrash, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan festivalda tumandagi umumtalim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Qariyb 16 ming yoshlar qatnashgan festival doirasida taniqli ijodkorlar, mashhur sportchilar, madaniyat namoyandalari, senator va deputatlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi To‘rtko‘l tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Azimboy Safarov. – “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!”, “Nuroniylar e’zozimizda” loyihalari doirasida imkoniyati cheklangan yoshlarga, nuroniylarga ijtimoiy ko‘mak berildi.

Tuman markazidagi stadionda festivalning adabiy, musiqiy-xoreografik teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bo‘lib o‘tdi.

Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tumanlarida ham o‘tkazilmoqda.