O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatda elektr va gaz ta’minoti tizimini izchil modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash, energiya tejamkorlik asoslari va yetkazib berilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish, ishchanlik faolligi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini, aholining hayot darajasi va farovonligini oshirishning muhim omillaridan biri bo‘lgan energetika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, iste’molchilar toifasini inobatga olgan holda yetkazib berilayotgan energiya resurslari qiymatini aniqlashda tabaqalashtirilgan yondashishning mavjud emasligi ulardan nooqilona foydalanishga olib kelmoqda, energiya tejamkor texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirmayapti.

Shaharsozlik sohasidagi amaldagi norma va qoidalar obyektlarning energiya samaradorligini ta’minlovchi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuningdek, binolar va inshootlarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishida energiya tejamkor materiallar va texnologiyalarni qo‘llashga yetarli e’tiborning mavjud emasligi ham energiya resurslarining ortiqcha sarf qilinishiga olib kelmoqda.

Elektr va gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish, bozor mexanizmlarini keng joriy qilish orqali energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, mazkur sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida:

1. “O‘zdavenergonazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJning faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zdavenergonazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI va “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJning quyidagi tartibni belgilash haqidagi takliflari qabul qilinsin:

a) 2018-yil 1-yanvardan:

ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchi va ayrim xizmatlar ko‘rsatuvchi iste’molchilar elektr energiyasi (750 kVAgacha bo‘lgan quvvatga ulangan) va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq amalga oshiradilar;

750 kVA va undan yuqori bo‘lgan quvvatga ulangan (byudjet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno) iste’molchilar elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni ikkinchi guruh tariflar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradigan yuridik shaxslar uchun tarif miqdorida belgilanadigan sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha amalga oshiradi.

Bunda yagona elektr energetika tizimining eng katta yuklamali soatlarida (tig‘iz payt – belgilangan tartibda o‘rnatilgan ertalabki va kechki “eng katta miqdor”) foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali, eng kam yuklamali soatlarda esa (tungi payt – sutkaning qorong‘i vaqti) belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali va yarim tig‘iz paytda (sutkaning yorug‘ vaqti) o‘rnatilgan tarif bo‘yicha amalga oshiriladi;

davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi tekshiriladi;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalarini, shuningdek, energiya tejamkor lampalarni majburiy tartibda o‘rnatish ko‘zda tutiladi;

b) davlat organlari va tashkilotlari 2022-yil 1-yanvardan:

ularning balansida bo‘lgan bino va inshootlarda issiq suv ta’minoti uchun faqat sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalari, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ichki yoritish energiya tejamkor lampalardan foydalanishi shart;

markazlashtirilgan issiq suv ta’minotidan uzib qo‘yiladi.

3. “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ:

a) O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va boshqa idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish bosqichlarini, shuningdek, mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida issiqlik va elektr energiya iste’moli hajmini inobatga olgan holda mazkur mahsulotni aniq yetkazib beruvchilarini belgilash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Davlat organlari va tashkilotlari ikki hafta muddatda quyosh suv isitgich qurilmalari va energiya tejamkor lampalarni joriy qilish holatlari, issiqlik va elektr energiyasi iste’moli hajmi, kadastr hujjatlarini ilova qilgan holda ular tomonidan egallab turilgan maydonlar o‘lchami haqidagi texnik ma’lumotlarni va hududning muhandislik kommunikatsiyalari aks etgan rejasini “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ ga taqdim etilishini ta’minlasin;

b) “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik
va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, issiqlik va elektr energiyasi, shuningdek, biogaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalar bilan birgalikda uch oy muddatda:

issiqlik va elektr energiyasi, shuningdek, biogaz ishlab chiqarish va iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan “O‘zbekenergo” AJning elektr tarmoqlari va “O‘ztransgaz” AJning gaz taqsimlash tarmoqlaridan foydalanmagan holda issiqlik va elektr energiyasi hamda biogazni realizatsiya qilish tartibini ishlab chiqsin;

issiqlik va elektr energiyasi, shuningdek, biogaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalar tomonidan realizatsiya qilinadigan issiqlik va elektr energiyasi hamda biogazga tijorat narxlarini belgilash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Belgilansinki, shaharsozlik normalari va qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash borasida esa “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ bilan ham majburiy tartibda kelishilishi shart.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda bino va inshootlarni energetik auditdan o‘tkazish, belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqlik pasportini yoki tegishli normalardan ortib ketganlik holatini bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xulosa berish, shuningdek, ularning energiya samaradorligi toifasini aniqlash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2018-yil 1-martga qadar muddatda amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalarini ularning qayta ko‘rib chiqilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlagan holda tanqidiy o‘rganib chiqsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zeltexsanoat” AJ, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ, “O‘zbekenergo” AJ, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda energiya tejamkor lampalar ishlab chiqarilishining mahalliylashtirilishini kengaytirish hamda ularni turar va noturar joylarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kompleks dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda davlat organlari va muassasalarining bino hamda inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini energetik auditdan o‘tkazish dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “O‘zbekenergo” AJ va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining mavjud nasos stansiyalarini ularning texnik holati, quvvati, balansda saqlovchisini aniqlash, fermer xo‘jaliklari yer uchastkalarida elektr energiyasi va suv sarfi samaradorligi nuqtai nazaridan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari va respublika tumanlari kesimida nasos stansiyalari bilan sug‘oriladigan yer maydonlari, past samarali va energiya ko‘p sarflaydigan nasoslarning mavjudligi, elektr energiyasini hisoblash uskunalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan shartnomalarning mavjudligini inventarizatsiyadan o‘tkazsin.

Inventarizatsiya yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zbekenergo” AJ, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar muddatda nasos stansiyalaridan foydalanish bilan bog‘liq ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarni, moliyalashtirishning aniq manbalarini aniqlash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda buxgalterlik, moliyaviy, ishlab chiqarish va boshqaruv hisobini avtomatlashtirish bo‘yicha dasturiy komplekslarni o‘z ichiga olgan boshqaruvning yagona axborot tizimini ishlab chiqsin va idoraviy bo‘ysunuvidagi korxonalarda joriy etsin;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 8-noyabr

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 
SHARH

Yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanishga o‘tish mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatining garovi hisoblanadi.

Shu bilan birga, energetik sektordagi ishlarning haqiqiy ahvoli energiya tejamkor texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmayotgani va amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari mukammal emasligidan dalolat beradi.

Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mamlakat miqyosida energiya tejamkor uslublar va texnologiyalarni joriy qilishda muhim qadam bo‘ldi.

Xususan, 2018-yil 1-yanvardan boshlab energiya resurslaridan oqilona foydalanishni rag‘batlantiruvchi bir qator mexanizmlar joriy qilinmoqda.

Shu jumladan, pishgan g‘isht, gips, sement va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, muayyan xizmatlar ko‘rsatuvchi (restoranlar, kafelar va b.) iste’molchilar ulangan quvvati 750 kVA bo‘lgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilar elektr energiya uchun hisob-kitoblarni sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha amalga oshiradi. Mazkur tartib byudjet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Respublikaning elektr ta’minoti tizimiga yuklamani tenglashtirish maqsadida elektr energiyadan foydalanganlik uchun to‘lovlarning qulay tariflari joriy qilinmoqda.

Jumladan, tig‘iz payt – ertalabki va kechki vaqtda (belgilangan tartibda o‘rnatiladi) foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Eng kam yuklamali soatlarda, ya’ni tungi paytda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyentdan foydalaniladi. Bunda belgilangan tarif yarim tig‘iz paytda, ya’ni sutkaning yorug‘ vaqtida elektr energiya ta’minotiga to‘lovlar uchun saqlanib qoladi.

Davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshirish talabi joriy qilinishi ilg‘or chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalari, shuningdek, energiya tejamkor lampalar majburiy tartibda o‘rnatiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2022-yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarini issiq suv ta’minotidan uzib qo‘yish nazarda tutilmoqda. Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida ular issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalaridan, shuningdek, ichki yoritish uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalardan foydalanishi shart bo‘ladi.

Shuni inobatga olgan holda, davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish bosqichlarini belgilash to‘g‘risida topshiriq berilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va energiya tejamkor lampalarni turar va noturar joylarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilinadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan issiq suv ta’minoti uchun quyosh suv isitgich qurilmalarining joriy etilishi va foydalanilishi natijasida isitilmaydigan davrda (aprel-oktabr) isitish stansiyalari tomonidan tabiiy gaz iste’moli hajmi deyarli 10 million kub metr yoki 2,5 milliard so‘mga qisqaradi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda 35 ta biogaz ishlab chiqaruvchilar, 10 ta quyosh elektr energiyasi yetkazib beruvchilar va mikrogidroelektr stansiyalardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi 5 ta korxonaning imkoniyatlari to‘liq ochib berilmagan.

Shu munosabat bilan, qarorda muqobil energiya manbalarini joriy etish yuzasidan tadbirkorlik faoliyatini samarali rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslarni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Bundan tashqari, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan 300 dan ortiq shaharsozlik normalari va qoidalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Shuni inobatga olib, qarorda shaharsozlik normalari va qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash borasida “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ bilan kelishilishi nazarda tutilmoqda.

Davlat rahbarining mazkur qarori, shubhasiz, O‘zbekistonda zamonaviy energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha faoliyatni jadallashtirishga xizmat qiladi, energiya resurslaridan oqilona foydalanilishini ta’minlaydi.