“Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida
Toshkent viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish hamda undan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilmani jadal rivojlantirishni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan turistik, mehmonxona va transport xizmatlarini kengaytirish va sifatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (keyingi o‘rinlarda – O‘zmilliybank):
Toshkent viloyatining Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonasi chegarasi doirasida “Chorvoq” erkin turistik zonasini (keyingi o‘rinlarda – erkin turistik zona) tashkil etish;
erkin turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar qurish, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar erkin turistik zonaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
erkin turistik zonada zamonaviy turizm infratuzilmasi obyektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar)ni, turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta’minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiyalarini jalb qilish;
hududning ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos turistik yo‘nalishlarni tashkil etish;
transport vositalarining arzonligini ta’minlash, hududda transport harakatining yangi (poyezd, elektropoyezd, avtobus), shu jumladan, muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi turlarini joriy etish, yo‘lovchi transporti yo‘nalishlarini kengaytirish, uning to‘xtovsiz harakatini tashkil etish, tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish;
turistlar xavfsizligining qo‘shimcha sharoitlarini, shu jumladan, turistik infratuzilma obyektlarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish, mintaqa hududiga keluvchi turistlar haqida yagona ma’lumotlar bazasini, favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish yo‘li bilan yaratish;
erkin turistik zona hududida loyihalarni amalga oshirayotgan va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari hamda investorlar (shu jumladan, xorijiy investorlar) uchun belgilangan alohida bojxona va soliq rejimlarini ta’minlash;
energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
erkin turistik zona erkin iqtisodiy zona hisoblanadi;
erkin turistik zona va erkin turistik zona ishtirokchilari sifatida ro‘yxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalari, shu jumladan, erkin iqtisodiy zonalar va ular ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi;
erkin turistik zonaning faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi.
4. Toshkent viloyatining erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi (keyingi o‘rinlarda – ma’muriy kengash) zimmasiga erkin turistik zona bo‘yicha ma’muriyatchilik funksiyalari yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili hamda Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamenti direktori ma’muriy kengash tarkibiga kiritilsin.
5. Toshkent viloyati hokimligi ma’muriy kengash, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda tashkil etilayotgan erkin turistik zonaning aniq chegaralarini belgilasin.
Belgilansinki, erkin turistik zona Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonasi doirasida yaxlit hudud ko‘rinishida, shuningdek, alohida hududlar ko‘rinishida belgilanishi mumkin.
6. Vazirlar Mahkamasi ikki oylik muddatda erkin turistik zonaga kiruvchi hududlar chegaralarini belgilash, shuningdek, “Chorvoq” erkin turistik zonasi Direksiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
7. Quyidagilar:
erkin turistik zonaning bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi etib – Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi;
energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan (quyosh, shamol, geotermal) foydalangan holda muhandislik infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish, shuningdek, erkin turistik zonaning ekologiyasini saqlash uchun zamonaviy tozalash inshootlari va issiqlik bilan ta’minlash obyektlarini qurish bo‘yicha bosh loyiha, bosh pudratchi va foydalanuvchi tashkilot etib – “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ;
erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyiha tashkiloti etib – “ToshkentboshplanLITI” DUK belgilansin.
8. “ToshkentboshplanLITI” DUK olti oy muddatda xalqaro maslahatchilarini jalb qilgan holda erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqsin hamda ma’muriy kengash bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Erkin turistik zona hududida yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini tasdiqlash uchun kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirishda erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun haq to‘lash, erkin turistik zonaning ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejasi asosida erkin turistik zonaning transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, ma’muriy kengash bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga erkin turistik zonada amalga oshirish va joylashtirish uchun loyihalarni tanlash mezonlari bo‘yicha takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) erkin turistik zonada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilishini ta’minlasin.
Belgilansinki:
Jamg‘arma tomonidan ajratiladigan kredit liniyasi mablag‘larini qayta moliyalashtirish O‘zmilliybank, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka” ATB tomonidan amalga oshiriladi;
kredit liniyasi doirasida xorijiy valyutadagi kreditlar 2 yillik imtiyozli davr, 2 foiz qo‘shilgan 6 oylik LIBOR va bankning 0,5 foiz miqdoridagi marjasiga teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan 7 yilgacha muddatga taqdim etiladi;
Jamg‘arma kredit liniyasi mablag‘lari zamonaviy import jihozlari va texnologiyalarini xarid qilish uchun investitsiya loyihasi qiymatining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan summada ajratiladi.
11. O‘zmilliybank, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka” ATBga:
erkin turistik zona hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida 100 foizgacha bank ulushi bilan, shu jumladan, banklarning tegishli investitsiya kompaniyalari orqali ishtirok etish;
amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy banklar va boshqa investorlar – yuridik va jismoniy shaxslar (shu jumladan, xorijiy), davlat va nodavlat jamg‘armalar, korxona va tashkilotlarning grantlari, kredit liniyalari va investitsiyalarini, beg‘araz moliyaviy yordamlarini hamda tijorat banklarining kreditlarini jalb qilish huquqi berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda erkin turistik zona hududida intellektual transport, geoinformatsiya tizimi va boshqa shu kabilarni nazarda tutuvchi xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oylik muddatda turistlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin, bunda erkin turistik zonaning tibbiyot muassasalari, xususan sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini muassasalari bilan ta’minlanishiga, ularning zamonaviy jihozlar va yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishiga alohida e’tibor qaratsin.
14. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oylik muddatda Vazirlar Mahkamasiga Toshkent – Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonasi (va ortga) yo‘nalishi bo‘yicha, zarur holda yangi qulay yo‘nalishlarni joriy etgan holda, kombinatsiyalashgan yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ–2916-son qarori bilan tashkil etilgan Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda maishiy chiqindilarni erkin turistik zona hududidan eng yaqin chiqindilarni qayta ishlash korxonalariga olib chiqib ketishni tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi, O‘zmilliybank bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Chorvoq erkin turistik zonasini yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin hamda ularni ma’muriy kengash va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 5-dekabr
O‘zbekiston Respublikasida ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, valyuta tushumlarini ko‘paytirish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish kabi eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni yaqin istiqbolda hal qilish uchun keng salohiyatga ega bo‘lgan turizm sohasini rivojlantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati ulkan turistik salohiyatga ega. Chunonchi, hududda ekstremal va tog‘ turizmini, ya’ni chanalarda uchish, snoubording, paraplanda va deltaplanda uchish, velosport, motosport va ekstremal sport turlari, hamda ekologik va qishloq xo‘jalik turizmi rivojlantirishga tabiiy sharoitlar bor.
Xususan, Toshkent viloyati tog‘larida Chorvoq suv ombori mavjud bo‘lib, uning sohilida ko‘plab pansionatlar, dam olish zonalari va bolalar sport sog‘lomlashtirish lagerlari joylashgan. Muhtasham g‘arbiy Tyan-Shan tog‘lari ko‘plab turistik yo‘llar va yo‘laklar, sharsharalar, g‘orlar, chuqurliklar, yong‘oqzorlar va bog‘lar 2016-yili YUNЕSKOning Butunjahon ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, “Ugom-Chotqol” milliy bog‘i 230 turdagi hayvonlar, 1800 o‘simlik turlari va 4 ta tabiiy ko‘llarni (Urungach, Bodak, Shovuri, Ixnoj) o‘z ichiga oladi.
Bugungi kunda viloyatda mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 120 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda: ulardan 15 tasi turistik operatorlar, kuniga 2440 ta turistga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan 45 mehmonxona, 71 sanatoriy va dam olish maskanlari. Turizm xizmatlari eksportning jami 44,6 million AQSH dollarini tashkil etadi, bu esa o‘sishning 109,2 foizini tashkil etadi.
Shunga qaramay, mintaqaning yirik turistik salohiyati va tabiiy resurslari hisobga olinsa, bu ko‘rsatkichni qoniqarli deb bo‘lmaydi, ya’ni turar joylar, sanatoriylar va dam olish maskanlarini joylashtirish uchun yetarlicha mablag‘lar mavjud emas, turistik infratuzilmalar rivojlanish va turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati past, shuningdek, ularning turlari soni cheklangan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatidagi turizm sohasi bugungi holatining tahlili turistlarning arzon va sifatli dam olish ehtiyojlarini to‘laroq qondirish uchun mazkur sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali choralarni qabul qilish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatining turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish va rivojlantirish, transport-kommunal infratuzilma obyektlari kompleksini va yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirilgan holda Chimyon-Chorvoq rekreatsiya hududida zamonaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘li bilan dam olish va turizm uchun sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turistik xizmatlar sifatini oshirish, uning asosida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining daromadlari o‘sishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi turizm sohasidagi davlat siyosatining mantiqiy davomi hisoblanadi va Toshkent viloyatining turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini rivojlantirish va oshirishga qaratilgan.
Toshkent viloyatining o‘ziga xos kurort-rekreatsiya sharoitlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan zamonaviy mehmonxona majmualarini, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlarni qurib, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasini yaratgan holda Chimyon-Chorvoq rekreatsiya hududida “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekistonning potensial foydali turizm sanoati hozirgi vaqtda mehmonxonalar qurilishi va deyarli barcha zamonaviy infrastruktura uchun investitsiyalarning yetishmovchiligi, shuningdek, turistlarni jalb qilish va chet elda dam olishni afzal ko‘radigan fuqarolarni ichki turistik bozorga qayta yo‘naltirish uchun zarur bo‘lgan xizmat ko‘rsatish darajasining pastligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganligi sababli erkin turistik zonani yaratish davlat ahamiyatidagi masalaga ko‘tarildi.
Tashkil etilayotgan “Chorvoq” erkin turistik zonasi O‘zbekistondagi shu kabi zonalar ichida birinchi va yagonaligi bois, erkin turistik zonalar mamlakatimiz uchun innovatsiya xarakteriga ega hisoblanadi.
Farmon bilan “Chorvoq” erkin turistik zonasining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
erkin turistik zonada zamonaviy turizm infrastrukturasi obyektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar)ni, turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta’minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va mamlakatimiz investorlarining investitsiyalarini jalb qilish;
hududning ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos turistik yo‘nalishlarni tashkil etish;
transport vositalarining arzonligini ta’minlash, hududda transport harakatining yangi (poyezd, elektropoyezd, avtobus), shu jumladan muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi turlarini joriy etish, yo‘lovchi transporti harakatining yo‘nalishlarini kengaytirish, ularning to‘xtovsiz harakatini tashkil etish, tegishli transport infrastrukturasini rivojlantirish;
turistlar xavfsizligi qo‘shimcha sharoitlarini, shu jumladan, turistik infratuzilma obyektlarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish, zona hududiga keluvchi turistlar haqida yagona ma’lumotlar bazasini, favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish yo‘li bilan yaratish;
erkin turistik zonada loyihalarni amalga oshirayotgan va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va investorlar (shu jumladan, xorijiy investorlar) uchun belgilangan alohida bojxona va soliq rejimlarini ta’minlash;
muqobil va qayta tiklanadigan manbalarni qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
Turizm infratuzilmasi obyektlarini, dam olishni va turistik xizmatlarni rivojlantirish uchun tashkil etiladigan erkin turistik zonalar erkin iqtisodiy zonalarning bir turi ekanligini hisobga olib:
“Chorvoq” erkin turistik zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil etib belgilandi;
erkin turistik zonaga va zona ishtirokchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalari, jumladan erkin iqtisodiy zonalar va ularning ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va afzalliklar tatbiq etildi.
Erkin turistik zonaning yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi PQ–3356-son “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan Toshkent viloyatida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma’muriy kengashi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining vakili va Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamentining direktori kiritildi.
Farmonda vakolatli vazirlik va idoralarga erkin turistik zonani rivojlantirish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator topshiriqlar nazarda tutilgan:
erkin turistik zona hududida xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini, shu jumladan, intellektual transport, geoaxborot tizimi va boshqalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritish;
erkin turistik zonani tibbiyot muassasalari bilan ta’minlashga, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini muassasalari, ularning zamonaviy jihozlar va yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlanganligiga asosiy e’tibor qaratgan holda turistlarga sifatli tibbiy xizmat, shu jumladan, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish;
Toshkent – Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonasi marshruti (va ortga) bo‘yicha kombinatsiyalashgan yo‘lovchi tashuv tizimini yanada rivojlantirish, zarurat bo‘lganda yangi qulay yo‘nalishlarni joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritish;
erkin turistik zona hududidan maishiy chiqindilarni tizimli asosda ularni qayta ishlaydigan yaqin korxonalarga olib chiqib ketish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish;
“Chorvoq” erkin turistik zonasini yanada rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini kiritish.
Farmonning eng muhim jihatlaridan yana biri uning erkin iqtisodiy zona hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilganligi hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga kredit va foizlarni uzishning qulay shartlarini taqdim etishni o‘z ichiga oluvchi 100 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit liniyalari ochishni ta’minlash topshirilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka” ATBga:
erkin iqtisodiy zona hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida banklarning, shu jumladan banklarning tegishli investitsiya kompaniyalari orqali 100 foizgacha ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar va boshqa investorlarning – yuridik va jismoniy shaxslarning (shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning), davlat va nodavlat fondlarning, korxona va tashkilotlarning grantlari, kredit liniyalari va investitsiyalari, beg‘araz moliyaviy yordamlarini, shuningdek, amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklarining kreditlarini jalb etish huquqi berilmoqda.
Farmonning qabul qilinishi zamonaviy infratuzilmani izchil rivojlantirish, taqdim etiladigan turistik, mehmonxona va transport xizmatlari sifatini hamda Chimyon-Chorvoq rekreatsiya hududiga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy turistlar uchun xizmatlar darajasini yaxshilash maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha masalalarni hal etishni tezlashtirishga imkon beradi.