Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni

Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim 
qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
 
Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni

 

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 21 sentyabrda
qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 27 sentyabrda
maʼqullangan

1-modda. 1992 yil 8 dekabrda oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1,
5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi,
2003 yil, № 3–4, 27-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014 yil, № 4,
85-modda; 2017 yil, № 4, 135-modda, № 5, 201-modda, № 8, 383-modda)
105-moddasining birinchi qismidagi “ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini” degan soʻzlar “raisni (oqsoqolni)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi 915–XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2013 yil 22 aprelda qabul qilingan OʻRQ–350-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013 yil,
№ 4, 96-modda; 2016 yil, № 4, 125-modda, № 12, 383-modda; 2017 yil, № 9,
510-modda; 2018 yil, № 7, 431-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:

21-moddaning:
beshinchi qismidagi “va ularning maslahatchilari” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;

oltinchi qismidagi “va mahallalardagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;

2) 23-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«23-modda. Fuqarolar yigʻinining raisini

(oqsoqolini) saylash

Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanadi.

Fuqarolar yigʻinining raisini (oqsoqolini) saylash tartibi qonunda belgilanadi».

3-modda. Fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining) navbatdagi saylovi 2019 yil may oyida oʻtkazilsin.

Fuqarolar yigʻinlari amaldagi raislarining (oqsoqollarining) va ular maslahatchilarining vakolatlari muddati 2019 yil may oyida fuqarolar yigʻinlarining yangi raislari (oqsoqollari) saylanguniga qadar uzaytirilsin.

4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining
Prezidenti                                                       Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2018 yil 15 oktyabr

№ OʻRQ–498

 

O’zA