Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatda pul-kredit, valyuta, soliq va tashqi savdo siyosati sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ekspertlarning baholashlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan soʻrovlar iqtisodiyotdagi yashirin aylanmaning, ayniqsa, savdo va umumiy ovqatlanish, avtotransportda tashish, uy-joy qurilishi va taʼmirlash, turarjoy xizmatlarini koʻrsatish kabi sohalarda yuqori darajada saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi, bu esa vijdonli tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazmoqda, ular uchun teng boʻlmagan biznes yuritish shartlarini yuzaga keltirmoqda.

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun, shu jumladan tartibga solish va maʼmuriy yukni kamaytirish hisobiga teng raqobat sharoitlarini yaratish, soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartib-taomillarini avtomatlashtirish va uning tartibini soddalashtirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan:

a) 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik subyektlarining bank kartalari va kontaktsiz toʻlovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umum belgilangan soliqlarni toʻlashga majburiy tartibda oʻtish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi tartibi joriy etiladi;

b) rieltorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi;

v) qurilish korxonalariga hisobot davri uchun mehnatga haq toʻlash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda toʻlash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ruxsat beriladi. Bunda:

qurilish tashkilotlari belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqning toʻlanishini taʼminlaydi, shuningdek, har oyda shartnoma tuzmasdan yollangan ishchilarga toʻlangan naqd pul miqdorini koʻrsatgan holda ularning reyestrini davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilib boradi;

davlat soliq xizmati organlari qurilish tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan reyestrlar asosida soliq toʻlovchilarni avtomatik ravishda identifikatsiya qiladi va toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq hisobga olinishini taʼminlaydi.

Belgilansinki, shartnoma tuzmasdan ishga yollangan shaxslarga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar roʻy bergan taqdirda xodimlarni ijtimoiy himoya qilishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi.

2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

xoʻjalik yurituvchi subyektlarga korporativ bank kartalaridan foydalangan holda tovarlarni (xizmatlarni) shartnoma tuzmasdan sotib olishga ruxsat beriladi, biroq bunda elektron schyot-fakturalar yoki onlayn-kassa mashinalarining cheklari majburiy ravishda olinishi shart;

2022-yil 1-yanvargacha shunday tartib oʻrnatilganki, unga muvofiq, davlat soliq xizmati organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq auditi tayinlanganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qiladi;

sayyor soliq tekshiruvlari davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.

Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda soliq tekshiruvlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda uning tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish, shuningdek, tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishni koʻzda tutgan holda soliq tekshiruvlarini oʻtkazish tartibini belgilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda – Maxsus komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda – hududiy komissiyalar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shu jumladan quyidagilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifasi etib belgilansin:

biznesning “soyadan” chiqishini ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz toʻlovlarni kengaytirish choralarini koʻrish;

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni shakllangan biznes yuritish amaliyotiga moslashtirish;

soliq va bojxona maʼmuriyatchiligi vositalari hisob va tushumlarning toʻliqligiga, shu jumladan soliqlardan boʻyin tovlagan jismoniy va yuridik shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga qaratilishini taʼminlash;

yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish faoliyatini “pulni yuvish”ga qarshi kurashish sohasidagi tashkilotlar faoliyati bilan muvofiqlashtirish;

ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni, ommaviy axborot vositalarini jalb qilish, jamiyatda yashirin iqtisodiyotga murosasizlik hissini shakllantirish, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish.

4. Joylarda quyidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

tadbirkorlarga faoliyatini qonuniylashtirishda va zarur ruxsatnomalarni olishda yordam berish, shuningdek, ular bilan profilaktika ishlarini olib borish;

yashirin iqtisodiyotning shakllanishiga olib keladigan sabablar va omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;

noqonuniy olib kirilgan yoki kontrafakt tovarlarni, shuningdek, yuk tashish hujjatlarisiz mamlakat ichida harakatlanayotgan tovarlarni sotishga qarshi kurashish;

birinchi navbatda aksizosti mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish, sotish va saqlash holatlarini aniqlash orqali davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini yuritish va daromadlarni yashirishning oldini olish;

avvalo qurilish obyektlarida va xizmat koʻrsatish sohasidagi norasmiy mehnat faoliyatini yuritish, shuningdek, ish haqini “konvertda” toʻlash holatlarini aniqlash va bartaraf etish.

5. Hududiy komissiyalar:

ikki hafta muddatda har bir tuman va shaharning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan va masʼul organlar hamda tashkilotlarni belgilagan holda “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin va kutilayotgan natijalarni koʻrsatgan holda ularni Maxsus komissiyaga tasdiqlash uchun taqdim etsin;

har chorakda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Maxsus komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga “yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan vazifalar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi hamda hududlar darajasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

6. Maxsus komissiya (J.Qoʻchqorov) 2021-yil 1-fevralga qadar masʼul vazirlik va idoralarning ishi sifatli tashkil etilishini taʼminlab hamda biznes hamjamiyati, xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda 2021-2025-yillarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

7. Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xarita”si 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Maxsus komissiya yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha, shu jumladan “yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarga doir takliflar muhokama qilinishini taʼminlasin, shuningdek, har oy erishilgan natijalar boʻyicha hisobotlarni eshitib borsin.

Vazirlik va idoralarning rahbarlariga “yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

8. Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar:

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va hunarmandlar tomonidan hamda umumiy ovqatlanish punktlarida sotiladigan tovarlar va xizmatlar uchun aholi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda kontaktsiz texnologiyalarning joriy etilishini taʼminlasin;

bankomatlar va koʻp funksiyali oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish terminallari tarmogʻini kengaytirsin va ularning sonini 10 mingtaga yetkazsin;

xalqaro moliya institutlarining texnik yordamini jalb qilgan holda, naqdsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqsin.

9. Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR-kod yoki fiskal belgi asosida sovrinli oʻyinlarni oʻtkazish boʻyicha Toshkent shahrida amalga oshirilgan eksperimentni, koʻzda tutilgan byudjet ajratmalari doirasida 2020-yilda respublikaning barcha hududlarida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. Davlat soliq qoʻmitasi:

a) bir oy muddatda shunday tartib joriy qilsinki, unga muvofiq, nazorat-kassa mashinalari va toʻlov terminallaridan foydalanish boʻyicha sayyor tekshiruvlar soliq toʻlovchilar kesimidagi choraklik reja-jadval asosida amalga oshirilishi mumkin hamda tekshiruv natijalari va ular boʻyicha soliq nizolarini koʻrib chiqish natijalari eʼlon qilib boriladi;

b) ikki oy muddatda:

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga kiruvchi davlatlarning soliq idoralari oʻrtasida soliq maʼlumotlarining avtomatlashtirilgan almashinuviga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Davlat soliq qoʻmitasi raisining yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalari boʻyicha doimiy maslahatchisi – chet ellik mutaxassisni tanlov asosida jalb qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilayotgan tovarlar va xizmatlarni tasniflash tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida toʻlov terminallari va onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmasdan faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik choralari toʻgʻrisida muntazam ravishda, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib borsin.

11. Quyidagilar Hisob palatasining qoʻshimcha vazifalari sifatida belgilansin:

yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish;

hududiy komissiyalar tomonidan 2021-2025-yillarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish strategiyasi hamda qabul qilingan “yoʻl xaritalari” amalga oshirilishini nazorat qilish;

davlat boshqaruv organlarida, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan muassasa va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha samarali ichki nazorat tizimlari joriy qilinishini taʼminlash choralari amalga oshirilishini nazorat qilish;

yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va kiritib borish.

12. Hisob palatasi tuzilmasida boshqaruv xodimlari shtat birliklari doirasida Iqtisodiyotda yashirin aylanmani kamaytirish va byudjet daromadlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash shoʻbasi tashkil etilsin.

13. Davlat soliq qoʻmitasi 2021-yil 1-aprelgacha 4-ilovaga muvofiq real vaqt rejimida qoʻshimcha maʼlumotlar almashinuvini taʼminlaydigan idoralararo apparat majmuasini foydalanishga topshirsin.

14. Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) zamonaviy server uskunalari va tegishli dasturiy taʼminot bilan taʼminlashni tezlashtirish va birlamchi qoʻshimcha jihozlash maqsadida Moliya vazirligi 2020-yilda Davlat soliq qoʻmitasiga respublika byudjetining ortiqcha bajarilgan daromadlari hisobidan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda mablagʻ ajratsin.

Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi Markazni modernizatsiya qilish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish uchun Jahon bankining imtiyozli kreditini jalb qilishni tezlashtirsin.

Markazni jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, dasturiy va moddiy-texnik vositalar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin.

Davlat soliq qoʻmitasiga, istisno tariqasida, Markazni jihozlash uchun uskunalarni, dasturiy va moddiy-texnik vositalarni loyihalashtirish, yetkazib berish va oʻrnatish, shuningdek, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan shartnomalar (kontraktlar) tuzishga ruxsat berilsin.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Kudbiyev zimmasiga Markazni jihozlash uchun zarur uskunalar, dasturiy va moddiy-texnik vositalar xaridi jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, xarid jarayonlari natijalarini eʼlon qilish yuzasidan javobgarlik yuklatilsin.

15. Tegishli vazirlik va idoralarning umumiy shtat birligi doirasida:

a) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tarkibida – Yashirin iqtisodiyotni tahlil qilish boshqarmasi tashkil etilsin, tahlillar oʻtkazish va yashirin faoliyat darajasi yuqori boʻlgan iqtisodiyot sohalarini aniqlash uning asosiy vazifalari etib belgilansin;

b) Davlat soliq qoʻmitasi tarkibida:

Soliq nazorati departamenti tashkil etilsin, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan bogʻliq firibgarlik sxemalarini aniqlash va agressiv soliq rejalashtirishga qarshi kurashish uning asosiy vazifalari etib belgilansin;

2021-yil 1-iyuldan boshlab maxsus tarkibiy boʻlinma tashkil etilsin, soliq huquqbuzarliklarining oldini olish va aniqlash, shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻi zanjirini shakllantirishda kontragentlar oʻrtasida hisob-kitoblarni tahlil qilish uning asosiy vazifalari etib belgilansin;

v) Moliya vazirligida – yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ishlarini tashkil etish boʻlimi tuzilsin, unga Maxsus komissiyaning ishchi organi vazifalari ham yuklansin.

16. 2020-yil 1-noyabrdan davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlari soni 1 154 shtat birligiga yoki 10 foizga qisqartirilsin.

Davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 10 512 shtat birligi, shu jumladan Davlat soliq qoʻmitasining markaziy apparatida – 498 shtat birligi etib belgilansin.

17. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasining tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq;

tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalarining tuzilmasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Davlat soliq qoʻmitasi raisiga quyidagi huquqlar berilsin:

zarur hollarda markaziy apparat va hududiy boʻlinmalarning, shuningdek, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasining tasdiqlangan tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

boʻysunuvidagi xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar xodimlari sonini belgilash, ularning tuzilmasini, shtat birliklarini, shu jumladan boshqaruv xodimlarining shtat birliklarini, ish haqi fondini, xarajatlar smetasini, transport vositalarining limitini tasdiqlash, shuningdek, ularning mol-mulkini tasarruf etish.

19. Belgilansinki, davlat soliq xizmati va bojxona xizmati organlarining mansabdor shaxslari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan faqat soliq, bojxona va valyuta qonunchiligiga rioya qilishga doir tekshiruvlarni oʻtkazish uchun haftasiga 16 ish soatidan koʻp boʻlmagan muddatga jalb qilinishi mumkin.

20. Maxsus komissiya (J.Qoʻchqorov) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tadbirkorlar va aholini qonuniy biznes yuritishning nufuzini oshirish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan murosasizlik hissini targʻib qilishga jalb etish boʻyicha “media-reja”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

22. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                                             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 30-oktyabr

OʻzA