O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli adib va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyatini inobatga olib, adib tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va jamoatchilik vakillarining 2021 yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar дастурини ishlab chiqib, tasdiqlasin:

2021 yil avgust oyining birinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy xotira kechasini o‘tkazish;

adibning o‘zbek tilidagi “Tanlangan asarlar”ini, qoraqalpoq, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan asarlarini, shuningdek, “O‘tkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojida O‘tkir Hoshimov ijodining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish;

Toshkent shahri Chilonzor tumani Do‘mbirobod mahallasidagi adib yashagan uyda yodgorlik lavhasi o‘rnatish;

O‘tkir Hoshimovning asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish yova yangi filmlar yaratish;

Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga O‘tkir Hoshimov nomini berish;

respublika ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “O‘tkir Hoshimov asarlarining bilimdonlari” tanlovini o‘tkazish;

mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida adib asarlari asosida insholar tanlovlarini o‘tkazish;

ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalarini tashkil etish;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida O‘tkir Hoshimov asarlari asosida yaratilgan televizion filmlarni keng namoyish etish.

Tashkiliy qo‘mitaga O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, tashkilotchilarning o‘z mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                         Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 2 dekabr