O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillarining 2021 yilda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar дастурини ishlab chiqib, tasdiqlasin:

2021 yil mart oyining uchinchi o‘n kunligida O‘zbekiston Xalqaro anjumanlar saroyida Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasini o‘tkazish;

Abdulla Oripovning o‘zbek tilidagi ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ini, qoraqalpoq, rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan she’riy to‘plamlarini, shuningdek, “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Abdulla Oripov ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazish hamda anjuman materiallarini alohida to‘plam holida chop etish;

Toshkent viloyati Qibray tumani Arg‘in mahallasidagi Abdulla Oripov yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatish;

Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

mamlakatimiz teatrlarida Abdulla Oripov asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” mavzusida insholar tanlovlarini o‘tkazish;

Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Mitti yulduz jilolari” she’riyat bellashuvini o‘tkazish;

ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik va she’riyat kechalari tashkil etish.

Tashkiliy qo‘mitaga Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, tashkilotchilarning o‘z mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                         Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 2 dekabr