O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Baxshichilik san’atini respublika va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida mavjud bo‘lgan o‘ziga xos ijro uslublari asosida ijodiy maktablarni “ustoz-shogird” an’analari asosida qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2021 yilda Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini (keyingi o‘rinlarda – Festival) tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi PQ–3990-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov):
a) Festivalni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori tashkiliy daraja va badiiy saviyada o‘tkazish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda:
Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini kelgusida bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida o‘tkazish choralarini
ko‘rsin;
sanitariya-epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda joriy yildagi Festival hamda kelgusidagi Xalqaro baxshichilik san’ati festivallarini o‘tkazish muddatini belgilasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 10 aprel