O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan muhokama natijalari ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Milliy gvardiyaning “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylarini (keyingi o‘rinlarda – o‘quv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Milliy gvardiya “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari bilan hamkorlik o‘rnatsin.
2. Milliy gvardiyaga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
o‘quv-tarbiya muassasalarining tarbiyalanuvchilarini ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash choralarini ko‘rish;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni moddiy, huquqiy va psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash;
o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli ta’lim va tarbiya jarayonini yo‘lga qo‘yishga, ularning maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish;
zamonaviy usul va shakllardan foydalangan holda jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni sport turlariga qiziqtirish va jalb etish.
3. Milliy gvardiya tarkibida:
markaziy devoni tuzilmasida o‘quv-tarbiya muassasalarida yoshlarning ta’lim va tarbiya olish jarayonlarini hamda ularning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga mas’ul Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimi joriy etilsin;
Jamoat xavfsizligi universitetida “Harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi tashkil etilsin.
4. Belgilansinki:
oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga (yigirma besh yoshga to‘lmagan) Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi;
biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar vasiylik va homiylik organlari bilan hamkorlikda bir oyda kamida bir marotaba yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar bilan suhbatlar o‘tkazish asosida ularning ta’lim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini o‘rganadi, shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etish, ularni ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash choralarini ko‘rib boradi.
5. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) ikki oy muddatda:
a) Milliy gvardiya (R.Djurayev), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Turizm va sport vazirligi (U.Azamov) hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov) bilan birgalikda:
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga tarbiya berish, ularni fan, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik va sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizimni amaliyotga tatbiq etsin;
o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholash orqali o‘quv-tarbiya muassasalarining reyting tizimini joriy qilsin;
b) Milliy gvardiya (R.Djurayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov) bilan birgalikda o‘quv-tarbiya muassasalarining Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, IT-parklar bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatishini ta’minlasin hamda ular tomonidan o‘quv kurslari tashkil etilishi choralarini ko‘rsin;
v) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, vasiylikka va homiylikka olingan bolalar va oilaga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar bo‘yicha yaratilgan axborot tizimida ma’lumotlarni to‘liq shakllantirgan holda Milliy gvardiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ushbu tizimdan foydalanish huquqini bersin;
g) Milliy gvardiya (R.Djurayev), Turizm va sport vazirligi (U.Azamov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini har yili kamida ikki marotaba o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga olib chiqish dasturini tasdiqlasin. Bunda, sayohat davomida ichki ishlar organlari hamrohligi Ichki ishlar vazirligi mablag‘lari hisobidan hamda o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini sayohatga olib chiqish (transport, yashash va ovqatlanish) bilan bog‘liq xarajatlar o‘quv-tarbiya muassasalariga ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun yakka kurash, ot sporti, futbol, suzish, tennis, shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha sport to‘garaklarini tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
6. Milliy gvardiya (R.Djurayev) Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar Jamoat xavfsizligi universitetida o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin.
7. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) va Milliy gvardiya (R.Djurayev) bilan birgalikda har yili 1 sentyabrga qadar yangi o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari yetakchi professor-o‘qituvchilarining “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarining tarbiyalanuvchilarini axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq, tabiiy va boshqa fanlarga o‘qitish bo‘yicha fakultativ va to‘garak mashg‘ulotlarini, “davra suhbatlarini”, fan musobaqalarini tashkil etish dasturini tasdiqlasin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarini zarur sport anjomlari (bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratgan holda), 20 tadan zamonaviy kompyuter to‘plami (uzluksiz tezkor Internet tarmog‘iga ulagan holda), tikuvchilik, oshpazlik, qandolatchilik va boshqa sohadagi to‘garaklarni tashkil etishga ixtisoslashgan xonalarning zarur moddiy-texnik bazasi hamda avtobuslar va mikroavtobuslar bilan ta’minlasin.
9. Oliy Majlis Senatiga (T.Narbayeva) mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash tavsiya etilsin:
o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashni rag‘batlantirish amaliyotini joriy etish hisobiga o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarni bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashga o‘tkazish choralarini ko‘rish;
bolalarning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining sabablarini o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish.
10. Belgilansinki:
2021 yil 1 noyabrdan boshlab “Mehr daftari” tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi;
2022 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumidan ajratmalar miqdori besh foizdan uch foizga pasaytiriladi;
2022 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining uch foiz miqdoridagi ajratmalar byudjetga to‘lanadigan soliq va yig‘imlarga tenglashtiriladi, ushbu ajratmalar soliq organlari tomonidan undiriladi va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
“Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari homiylik mablag‘lari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining uch foizi miqdoridagi ajratmalar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
11. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ta’lim-tarbiyasi, ularni balog‘atga, turmushga tayyorlash ishlariga mas’ul etib belgilash hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan:
har yili kamida ikki marotaba o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holatini o‘rganib borish;
o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarni “Mehr daftari”ga kiritib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda o‘quv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashish;
b) Xalq ta’lim vazirligi va Milliy gvardiya tavsiyasiga binoan har yili 25 nafar o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarini O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolash.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga muntazam ravishda “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalar bilan ishlashga mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining hisobotlarni eshitib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilsin.
13. Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan farzandi uchun ota-onalardan alimentlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlasin.
14. Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiyaga biriktirilganXalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining tarbiyalanuvchilari bilan ishlash jarayonlariga ko‘maklashsin.
15. Ichki ishlar vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining:
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabini ushbu tumandagi 39-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosiga;
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabining bo‘shaydigan binosiga ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov);
bir oy muddatda “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarida xarajatlar smetasi tuzilishi va ijro etilishini, ish haqining hisoblanishi va to‘lanishini, tovar, ish va xizmatlarning xarid qilinishini, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobining yuritilishini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalariga ikki nafardan hududiy moliya organlarining malakali xodimlarini biriktirsin;
mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘larni tegishli vazirlik va idoralarning asoslantirilgan hisob-kitoblari asosida 2021 yilda Davlat byudjeti hisobidan ajratilishini ta’minlasin hamda 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutsin.
17. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga:
mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka va patronatga) olish hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish tartibini, uning ijtimoiy ahamiyatini jamoatchilikka keng yoritish;
jamiyatda ayrim ota-onalar tomonidan o‘z farzandlarini mehribonlik va bolalar uylariga topshirishlari sabablarini keng tahlil qilgan holda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan ijtimoiy roliklarni namoyish etish, davra suhbatlari va muhokamalar tashkil etish tavsiya etilsin.
18. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
19. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev, xalq ta’limi vaziri Sh.H.Shermatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari D.M.Kenjayev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 9 avgust