Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda koʻrilgan choralar natijasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksporti 2017-yilga nisbatan 2019-yilda 2 baravarga koʻpayishiga, yiliga 10 million tonnadan ortiq sabzavot, 17 million tonnadan ortiq boshqa dehqonchilik mahsulotlari va 2,5 million tonna goʻsht yetishtirishga erishildi.
Shu bilan birga, yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining xalqaro standartlar va xavfsizlik talablariga toʻliq javob bermasligi, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar orasida oʻzaro munosabatlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va yangi bozorlarni ochishda toʻsqinlik qilmoqda.
Meva-sabzavot, goʻsht, sut va boshqa qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro sifat standartlari asosida qayta ishlash hajmlarini oshirish, ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardosh boʻlgan mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilash maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
meva-sabzavot, goʻsht, sut va boshqa qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi (ishlab chiqaruvchi) korxonalar bilan ushbu mahsulotlarni qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlar uchun sharoitlar yaratish;
mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni diversifikatsiya qilish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellarini ishlab chiqish;
meva-sabzavot, goʻsht, sut va boshqa qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy choralari – yangi vositalar va axborot tizimlarini yaratish, yuqori samara beruvchi yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshirish;
oziq-ovqat sanoatining rivojlanishiga xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri chet investitsiyalar oqimining taʼsirini tahlil qilish, prognozlash va bu borada tegishli takliflarni ishlab chiqish;
zamonaviy savdo va logistika markazlarini tashkil etish, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlarida ilgari surish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda import hajmini kamaytirish choralarini koʻrish.
2. Mazkur qarorga asosan yuklatilayotgan qoʻshimcha vazifalarni samarali amalga oshirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida:
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi negizida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 ta shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etilsin;
vazir oʻrinbosari – Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi joriy qilinsin.
Bunda, Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasining 8 ta shtat birligi qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish hisobiga shakllantiriladi.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 20 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni Qishloq xoʻjaligi vazirligining Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma)ga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning qoʻshimcha yoʻnalishlari etib belgilansin:
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 million soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning infratuzilmasini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 million soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasiga xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 50 million soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish tartibi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzbekoziqovqatxolding” XKning:
“Oʻzbekoziqovqatxolding” XKni tugatish;
“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK Oziq-ovqat sanoati korxonalarini rivojlantirish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash jamgʻarmasining tugatish yakunlariga koʻra qoldiq mablagʻlarini Jamgʻarmaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
6. “Oʻzbekoziqovqatxolding” XKni tugatish komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
7. Moliya vazirligi sut mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish uchun Hukumat kafolati ostida jalb etilgan xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar oldidagi tugatilayotgan “Oʻzbekoziqovqatxolding” XKning qarz mablagʻlarini grafik boʻyicha toʻlab borilishini taʼminlasin.
8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda:
oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish tizimini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarining keng jalb qilinishini;
xalqaro moliya institutlarining jalb qilingan mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimida mahsulot yetishtiruvchilar, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarga manzilli yetib borishini taʼminlasin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari asosida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalarining “5321000-Oziq-ovqat texnologiyasi (mahsulotlar turlari boʻyicha)” hamda “5410500-Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi (mahsulotlar turlari boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriatning kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini koʻrsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda tegishli taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar)da soha boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning amaliyotlarini oʻtash obyektlari – ish beruvchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar oziq-ovqat texnologiyalari sohasida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etgan yetakchi korxona, tashkilotlar va muassasalar bilan talabalarning amaliyotlarini oʻtash yuzasidan oʻzaro hamkorlik oʻrnatish toʻgʻrisida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
10. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Bosh vazir oʻrinbosari Oʻ.Barnoyev:
bir hafta muddatda qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari – Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali nomzod boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin;
bir oy muddatda hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarini hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash boʻyicha tumanlarning diversifikatsiyalanishini taʼminlasin;
b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev):
bir oy muddatda Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasini tanlov asosida zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega zamonaviy menejment va marketing usullarini egallagan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Norqulov) hamda Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov) bilan birgalikda uch oy muddatda oziq-ovqat sanoatida import qilinayotgan tovarlar turi, tasnifi, miqdori, narxi hamda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy korxonalar boʻyicha doimiy yangilanib boradigan maʼlumotlar bazasini yaratsin va uni oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirsin;
v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Norqulov) hamda Moliya vazirligi (Ishmetov) bilan birgalikda:
uch oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilish, savdo-logistika hamda saqlash markazlarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yana-da takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021-yil 1-martga qadar meva-sabzavot, goʻsht, sut va boshqa qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashni jadal rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
g) Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va ularning eksport hajmlarini oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
ye) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda qarorda belgilangan tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4292-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 18-fevraldagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2492-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 9-sentyabr