O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mehnat resurslari balansini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish bo‘yicha ta’sirchan yangi mexanizmlarni joriy etish maqsadida:

1. Mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish uchun shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2022 yil 1 noyabrdan boshlab 1-ilovada ko‘rsatilgan 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi;

b) 2023 yil 1 yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytiriladi (bundan savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar mustasno);

v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida 2-ilovada ko‘rsatilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi. Bunda:

2-ilovada ko‘rsatilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasining maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etiladi;

2-ilovada ko‘rsatilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning hisobini yuritish mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) tomonidan amalga oshiriladi;

g) 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:

parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;

uzum ko‘chati va tok so‘risi;

asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;

quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;

baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.

Bunda, mazkur subsidiya bir nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan ajratiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (M.Ubaydullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilarga ruxsat etilsin:

yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni (keyingi o‘rinlarda – umumiy qurilish ishlari), shu jumladan, yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;

qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilishga.

Belgilab qo‘yilsinki:

yakka tartibdagi tadbirkorlarga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun besh nafargacha xodimlarni yollashga ruxsat etiladi;

umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda kamida uch nafar xodimni yollagan yakka tartibdagi tadbirkorga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya ajratiladi. Bunda, subsidiya miqdori bitta xodim uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmasligi lozim.

3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hokim yordamchilari bilan birgalikda:

mahallalarda umumiy qurilish ishlari bilan norasmiy shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatlarda qurilish sohasida ishlab, O‘zbekiston Respublikasiga qaytgan fuqarolarga yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan subsidiyalarni olishda ko‘maklashsin;

2024 yil 1 martga qadar bir martalik ishlarni bajaruvchi shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ular ko‘p yig‘iladigan joylarda kunlik mehnat markazlarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish hamda ushbu markazlarda band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatish choralarini ko‘rsin.

4. Qurilish vazirligi (B.Zakirov):

qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida umumiy qurilish ishlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarni keng jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borsin;

yakka tartibdagi tadbirkorlarni O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida bajariladigan umumiy qurilish ishlariga keng jalb qilsin.

5. Quyidagilar:

2022–2024 yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

2023-2026 yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Kudratov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) hamda Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda:

har chorakda mahallalarda norasmiy band bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib borsin;

so‘rovnomalar natijasida norasmiy bandlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlasin hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin;

har chorakda hududlar va iqtisodiy faoliyat turlari kesimida aniqlangan norasmiy bandlikni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

har yili kamida 500 ming nafar norasmiy band bo‘lgan shaxslarning faoliyatini belgilangan tartibda rasmiylashtirish bo‘yicha zarur amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

7. 2022 yil 1 noyabrdan mehnatga layoqatli aholini ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq quyidagilarning hisobi:

yuridik shaxslarda faoliyat yuritayotgan shaxslarning – “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisob-kitobi hamda davlat statistika hisobotlarida;

yakka tartibdagi tadbirkorlar va ular yollagan xodimlar, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda dehqon xo‘jaliklarida band bo‘lganlar – Davlat soliq qo‘mitasining axborot bazasida;

hunarmandlar – “Hunarmand” uyushmasining axborot bazasida;

haq to‘lanadigan jamoat ishlarida band bo‘lganlar va kasb-hunarga o‘qiyotganlar – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida;

xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish uchun ketgan shaxslar – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Labour migration” axborot tizimida hamda Ichki ishlar vazirligining axborot bazasida;

shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lgan fuqarolar – Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining axborot bazasida;

o‘zlariga ajratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida band bo‘lganlar – Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining axborot bazasida;

ishlab chiqarish kooperativlarida hamda kasanachilik (uy mehnati) bilan band bo‘lganlar – Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot bazasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida;

uy sharoitida pilla yetishtirish, ipak mato, qo‘lda ipak gilam to‘qish bilan shug‘ullanuvchi hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi va ko‘chati yetishtiruvchi shaxslar – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi axborot bazasida;

bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar, tadbirkorlik sub’ektlariga yordam beruvchi oila a’zolari hamda oilaviy korxonalarda band bo‘lganlar – Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot bazasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni hamda Davlat soliq qo‘mitasining axborot bazasida;

tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ro‘yxatga olingan ishsiz fuqarolar – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida yuritiladi.

8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi uch oy muddatda:

Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksining mazkur qarorning 7-bandida ko‘rsatilgan axborot manbalari bilan integratsiya qilinishini;

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida jamlangan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi mehnat resurslari balansini shahar va tumanlar kesimida ishlab chiqilishini ta’minlasin.

9. Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining “Yoshlar daftari” platformasida “Bitiruvchilar bandligi” funksionalini joriy qilish va bu orqali umumiy o‘rta, professional hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining uch yil davomidagi bandlik holatini monitoring qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Yoshlar daftari” platformasining tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

10. “O‘z kelajagimga o‘zim investor” loyihasi doirasida 2023-2024 yillarda mehnat organlari tomonidan xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga ko‘rsatiladigan xizmatlarning prognoz ko‘rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) hamda Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar bandligini ta’minlash, shu jumladan, ularni doimiy va vaqtinchalik ishlarga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o‘qitish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan subsidiyalarni ajratish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:

norasmiy mehnatning inson hayoti va sog‘lig‘i, ijtimoiy xavfsizligi, ish qobiliyati saqlanishiga salbiy ta’siri, ularda davlat pensiya ta’minotiga bo‘lgan huquqni beruvchi ish staji shakllanmasligi yuzasidan;

“O‘z kelajagimga o‘zim investor” loyihasi doirasida xorijdan qaytib kelgan va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyati to‘g‘risida videoroliklar ishlab chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilib borilishini tashkil etsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

13. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B.Xusanov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 30 avgust