O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar ijrosini samarali amalga oshirishda ilmiy yondashuvlar va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi:
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut);
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini (keyingi o‘rinlarda – Oliy maktab) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 2-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbarlarini tayinlash, xodimlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga haq to‘lash va ustama belgilash tartibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Institut va Oliy maktab faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganish va amaliy takliflar tayyorlashga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lmagan “Yer islohotlari markazi”;
Oliy maktab tuzilmasida yuridik shaxs bo‘lmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi va Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi tashkil etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi (J.Qo‘chqorov):
Institut va Oliy maktabning boshqaruv hamda ilmiy pedagogik xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda zamonaviy talablarga mos yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish;
Institut va Oliy maktabning Vasiylik kengashi orqali ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish va moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini ko‘rsin.
5. Hududlar va sohalar kesimidagi muammolarni joylarga chiqib o‘rganish, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnomalar olib borish, muntazam ravishda O‘zbekiston iqtisodchilar forumini tashkil etish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida Institut qoshida yuridik shaxs bo‘lmagan Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin va uning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat byudjetidan har yili Institutning bir yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 40 foizi miqdorida ajratiladigan mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Quyidagilar Institut va Oliy maktab faoliyatining moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti parametrlarida Institut va Oliy maktab faoliyat ko‘rsatishi uchun nazarda tutilgan mablag‘lar, 2024 yildan boshlab belgilangan tartibda Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Institut va Oliy maktab faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ularning nizomlarini tasdiqlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilash va boshqa tashkiliy-texnik masalalarni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 4 aprel