O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

55

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–217-son Farmoniga muvofiq, iqtisodiyotning strategik jihatdan muhim sektori sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini ta’minlash, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda milliy turistik mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;

(b) chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish;

(v) turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSH dollaridan oshirish;

(g) O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;

(d) 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;

(j) turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish;

(z) jahonda keng taniladigan O‘zbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.

II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish

2. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

(b) Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;

(v) Qo‘mita raisi:

(i) belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

(ii) Qo‘mita va uning tizimidagi tashkilotlar ishini to‘g‘ri va samarali tashkil etish, bu orqali ularning faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga so‘zsiz va to‘laqonli erishishni ta’minlash uchun mas’ul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi;

(g) Qo‘mita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi.

III. Turistik oqimni oshirish

4. Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida:

(a) Qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;

(b) Qo‘mitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari (keyingi o‘rinlarda – vakolatxonalar) 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;

(v) vakolatxonalar o‘zi faoliyat yuritadigan davlatlarda 4-ilovada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi belgilansin;

(g) Qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin.

5. Qo‘mita:

(a) Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

(i) O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida bo‘lish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish;

(ii) respublikaning turizm-transport logistikasini rivojlantirish bo‘yicha puxta ishlab chiqilgan takliflarni;

(b) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda 2026 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi turizm sohasini 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasini;

(v) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 aprelga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi 2030 yilgacha mo‘ljallangan turistik xizmatlar bozorlarida marketing strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(i) milliy turistik mahsulotlarni faol sayohat qiluvchi aholiga ega xorijiy davlatlarda ommalashtirish;

(ii) turizm sohasida targetlangan reklama tizimini keng joriy etish.

6. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros agentligi, Qo‘mita bilan birgalikda turistlarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida 2026–2028 yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

(a) Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy ob’ektlarni bog‘lovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish bo‘yicha “Samarqandning meros yo‘li” loyihasini;

(b) aholining turmush tarzi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uyg‘unlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qal’a majmuasini jahonda yagona bo‘lgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish;

(v) Toshkent shahri bo‘yicha:

(i) modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha materiallar taqdim etish;

(ii) eng ko‘p mozaikalar bor shahar sifatida jahon miqyosida e’tirof etilishiga erishish.

7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qo‘mita hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda quyidagi tartibda jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-ko‘ngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida (atroflarida) milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin:

(a) birinchi bosqichda (2030 yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;

(b) ikkinchi bosqichda (2030 yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori bo‘lgan boshqa aholi punktlarida.

IV. Turizm sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2026 yil 1 fevraldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin;

(b) 2026 yil 1 martdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan:

(i) turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

(ii) mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

(v) 2026 yil 1 apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi;

(g) 2027 yil 1 yanvarga qadar ushbu qarorga 5-ilovada nazarda tutilgan tartibga rioya qilgan holda:

(i) turizm sohasi sub’ektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi;

(ii) Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi;

(iii) turizm sohasi sub’ektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qat’i nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi;

(d) 2030 yil 1 yanvarga qadar “Brand Finance” kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brendni jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik sub’ektlari mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib keladigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etiladi.

9. Belgilansinki:

(a) Qo‘mita respublika hududida o‘z filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi;

(b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar summasi:

(i) 3 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 10 foiz;

(ii) 3 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 15 foiz;

(iii) 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 20 foiz;

(iv) 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

(v) 2026 yil 1 martdan boshlab nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazgan holda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita O‘zbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida, o‘z pavilonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq to‘lash tartibi joriy etiladi.

V. Turizm sohasini raqamlashtirish

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026 yil 1 iyuldan boshlab:

(a) ishga tushiriladigan milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi orqali:

(i) xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib o‘tishda yig‘iladigan ma’lumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;

(ii) mulkchilik shaklidan qat’i nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yo‘nalishini tuzish, eng maqbul yo‘nalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;

(iii) chipta xo‘jaligi joriy qilingan barcha turizm ob’ektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros ob’ektlari, madaniyat, ko‘ngilochar va dam olish ob’ektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;

(iv) ekskursiyalar o‘tkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik ob’ektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;

(v) joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im billing tizimi orqali avtomatik tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jamg‘armaga o‘tkaziladi;

(b) aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish “Soliq” mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

11. 2026 yil yakuniga qadar milliy turizm yagona platformasi doirasida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilgan holda respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlarini tahlil qilish, personalashtirilgan marshrutlar va takliflarni yaratish, shuningdek, narx shakllanishi va resurslar taqsimlanishi kabi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etilsin.

VI. Sohada kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish

12. Turizm xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida turizm sohasi sub’ektlari xodimlarining malakasini oshirish (1 oygacha) hamda ularni qayta tayyorlash (8 oygacha) o‘quv kurslari tashkil etilsin.

VII. Jamg‘arma xarajatlarini maqbullashtirish

13. Belgilansinki, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

(a) Jamg‘arma kengashi tuzilib, uning ijobiy qarori bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish byudjet hamda smeta-shtat intizomini buzish hisoblanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan loyihalar hamda Qo‘mita, shu jumladan, uning tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mustasno;

(b) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning natijadorligi Jamg‘arma kengashi tomonidan doimiy ravishda baholab boriladi;

(v) Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasiga turistik (mehmonxona) yig‘imdan kelib tushadigan tushumlardan o‘tkaziladigan mablag‘ miqdori amaldagi 10 foizdan 5 foizga kamaytiriladi.

14. Qo‘mita Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg‘arma manbalari hisobidan vazirlik va idoralarga ajratmalarni bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

15. Turizmni jadal rivojlantirish va ushbu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti huzurida Turizm sohasidagi islohotlar shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yilsin.

17. Belgilansinki:

(a) Turizm sohasidagi islohotlar shtabi hududlar, tarmoqlar hamda yirik turistik ob’ektlar kesimida turizm sohasidagi masalalarni monitoring qilish va hal qilish, yangi imkoniyatlarni aniqlash hamda ishga solish choralarini ko‘rib boradi;

(b) Turizm sohasidagi islohotlar shtabiga jalb qilingan (xizmat safariga yuborilgan) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish miqdorlari va shartlari to‘liq saqlab qolinadi hamda xizmat safari davomida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha byudjet tashkilotlarining mavjud tasdiqlangan byudjet parametrlari va byudjetdan tashqari mablag‘lari doirasida oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

18. Qo‘mita:

(a) bir oy muddatda Turizm qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni;

(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Qo‘mita Toshkent shahri Amir Temur shoh ko‘chasi 107b-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Turizm qo‘mitasi raisi belgilansin.

21. Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev