Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Qurilish-montaj ishlari sifatini yana-da oshirish, qurilish sohasidagi nazorat qiluvchi inspeksiyalar rolini kuchaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5577-son Farmoniga muvofiq:
1. Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasining 2020-yilning 1-aprelidan boshlab qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash obyektlari (keyingi oʻrinlarda – obyektlar) uchun xavf-xatarlar toifalari va obyektlarning funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
obyektlarning loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishga, obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi va davriyligiga qoʻyiladigan tabaqalashgan talablarni ularning xavf-xatarlar toifasi va funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda belgilash;
qurilish yakunlanganidan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy inspeksiyalar) tomonidan obyektning qurilish sohasiga oid qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkazishni joriy qilgan holda, xavf-xatar toifasi past va yakka tartibdagi uy-joy qurilishi obyektlari uchun loyiha hujjatlari ekspertizasi, mualliflik nazorati va davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha majburiy talablarni bekor qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Inspeksiya) va hududiy inspeksiyalar inspektorlariga, shuningdek, xavf-xatar toifasi yuqori boʻlgan obyektlarda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga qoʻyiladigan malakaviy talablar va ularning javobgarligini kuchaytirish;
“Qurilishdagi nazorat” quyi tizimini 2020-yil 1-iyundan boshlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirgan holda, 2020-yil davomida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, elektron hujjat almashinuvini bosqichma-bosqich joriy etish.
2. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida:
bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga taʼsir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish;
yuridik va jismoniy shaxslarga obyektdagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq boʻlmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;
obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga taʼsir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qoʻllanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish, sotish va qoʻllashni toʻxtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar:
a) 2020-yil 1-martdan boshlab byudjet tizimidagi byudjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari kapital taʼmirlash obyektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha talablar;
b) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, ularni foydalanishga qabul qilish boʻyicha mavjud tartib-taomillar quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich bekor qilinsin:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar xavf-xatar toifasi past obyektlar uchun – 2020-yil 1-maydan;
davlat xaridlari subyektlarining mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun – 2022-yil 1-yanvardan;
boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun –2021-yil 1-yanvardan.
4. Belgilansinki, obyektlarni foydalanishga qabul qilish uchun ruxsatnomalar berish tartibi tatbiq qilinguniga qadar Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qurilishi tugallangan obyektlarni (davlat xaridlari subyektlarining mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari) foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yongʻin nazorati hududiy organlarini jalb qiladi hamda ular obyektlarni qabul qilish muddatlari doirasida Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga obyektning sanitariya normalari va yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda hududiy inspeksiyalarning davlat sanitariya va yongʻin nazorati hududiy organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilangan tartibda ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligining:
Inspeksiyaga davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomini berish va hududiy inspeksiyalarni unga boʻysundirish;
Inspeksiya tuzilmasida 2 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat boʻlgan Komplayens xizmatini tashkil qilish va hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplayens-nazorat boʻyicha mutaxassis lavozimini kiritish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2020-yil 1-iyuldan boshlab Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga, huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirilgan hollarda ishni koʻrib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati berilsin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Inspeksiya boshligʻiga quyidagi huquqlar berilsin:
boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida, zaruratga koʻra, Inspeksiya shtat birliklariga oʻzgartirishlar kiritish;
obyektlar sonidan kelib chiqqan holda hududiy inspeksiyalar tuzilmasi va shtat birliklari normativlarini tasdiqlash;
hududiy inspeksiyalarning xarajatlar smetasini tasdiqlash.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Inspeksiya respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga hisobdor boʻladi;
hududiy inspeksiyalarning boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri bilan kelishilgan holda Inspeksiya boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Inspeksiyaning Komplayens xizmati va hududiy inspeksiyalarning komplayens-nazorat boʻyicha mutaxassislari bevosita Inspeksiya boshligʻiga boʻysunadi;
Inspeksiya faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan, hududiy inspeksiyalar faoliyati esa qurilish-montaj ishlari qiymatidan ajratmalardan shakllantiriluvchi mablagʻlar hamda shartnoma asosida bajariladigan ishlar va xizmatlardan tushadigan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.
8. 2020-yil 1-apreldan boshlab davlat qurilish nazorati amalga oshirilishi shart boʻlgan barcha obyektlar boʻyicha hududiy inspeksiyalarga ajratmalar qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,2 foiziga teng yagona miqdorda (qoʻshimcha qiymat soligʻisiz) belgilanadi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
0,02 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda –Jamgʻarma), shu jumladan, 0,01 foizi – Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari ehtiyojlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;
0,18 foizi hududiy inspeksiyalar ixtiyorida qoldiriladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga ruxsat berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy boʻlinmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning joriy va boshqa xarajatlarini moliyalashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy boʻlinmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Qurilishda standartlashtirish respublika markazi huzurida obyektlar konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlarini xalqaro standartlarga muvofiq toʻlaqonli sinovdan oʻtkazishni amalga oshiruvchi Kompleks qurilish sinov laboratoriyasini (keyingi oʻrinlarda – Kompleks laboratoriya) tashkil qilish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining taklifi maʼqullansin.
Kompleks laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 2020-yilda ajratiladigan 20 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdordagi mablagʻlar hamda yetmaydigan qismi uchun – Jamgʻarma mablagʻlari belgilansin.
11. Quyidagilar:
Qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash obyektlari konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlari boʻyicha Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tomonidan oʻtkaziladigan sinovlarning asosiy yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;
Kompleks qurilish sinov laboratoriyasini jihozlash uchun xarid qilinadigan asosiy uskunalar, mashina va mexanizmlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. 2020-yil 1-martdan boshlab Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari 1,4 barobarga oshirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
a) manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar toʻgʻrisidagi, shuningdek, loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi hukumat qarorlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2020-yil 1-iyunga qadar ichki nazoratni, mualliflik va texnik nazoratni, shuningdek, obyektlar ustidan davlat qurilish nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar sertifikatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) bir oy muddatda Jamgʻarma mablagʻlari va hududiy inspeksiyalar mablagʻlari hisobidan 2020-2021 yillarda hududiy inspeksiyalarni zamonaviy mobil koʻchma qurilish laboratoriyalari bilan jihozlash dasturini tasdiqlasin;
v) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlarining doimiy ravishda, shu jumladan, chet elda malaka oshirishini va keyinchalik har bir hududiy inspeksiyadagi xodimlar uchun majburiy treninglar oʻtkazilishini tashkil qilsin;
g) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Inspeksiyani mebel, inventar, uskunalar va qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun zarur boʻlgan boshqa vositalar bilan taʼminlasin, shu jumladan, 3 dona xizmat yengil avtomobili ajratsin;
d) 2020-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarini hamda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, davlat organlarining samarasiz va ortiqcha funksiyalarini bekor qilish, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba asosida ushbu jarayonga xususiy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilishni nazarda tutgan holda, qurilish ustidan nazorat mexanizmlari samaradorligini yana-da oshirish boʻyicha takliflarni kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda ikki oy muddatda taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini koʻrsatgan holda davlat organlari va Inspeksiya oʻrtasida idoralararo elektron hamkorlikni tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
15. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abay koʻchasi, 6-uy manzilida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda hududiy inspeksiyalarni joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi asosida binolar ajratib berilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov – mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, har oyda bajarilgan ishlar toʻgʻrisida ularning rahbarlari hisobotlarini qabul qilsin va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;
qurilish vaziri B.I.Zakirov – mazkur qarorning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishini, mazkur qarorni oʻz vaqtida ijro etishda masʼul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy yordam berilishini taʼminlasin, shuningdek, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatovga uning amalga oshirilishi jarayoni toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etsin;
qurilish vazirining oʻrinbosari – Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi K.N.Toʻlaganov – davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibini joriy etish, Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bosqichma-bosqich tatbiq qilish boʻyicha ishlar sifatli tashkillashtirilishini, shuningdek, ushbu qarorni amalga oshirish davomida yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 5-fevral