O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
So‘nggi ikki yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi natijasida
2020 yilning o‘zida qo‘shimcha 133 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Biroq, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda.
Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarining samaradorligini oshirish, sug‘oriladigan maydonlar suv bilan barqaror ta’minlanishiga erishish maqsadida:
- Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini hamda yerni lazerli uskuna yordamida tekislagan holda diskretli sug‘orish usulini joriy qilish sur’atini besh barobarga oshirish, ya’ni
2021 yilda 230 ming gektar maydonda mazkur texnologiyalarni joriy qilish hamda sug‘oriladigan 200 ming gektar maydonlarni lazerli uskuna yordamida tekislash orqali suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin. - 2021 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlarga muvofiq qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari kesimida manzilli dasturlar ishlab chiqib, 2021 yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha kamida:
160 ming gektar paxta, 30 ming gektar mevali ekinlar, 15 ming gektar uzum va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;
14 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish;
600 gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda diskretli sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni ta’minlasin;
200 ming gektar ekin maydonlarida, shundan 43 ming gektar sholi yetishtiriladigan maydonlarda lazerli uskuna yordamida tekislashni tashkil etsin;
b) respublikaning barcha hududlarida suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha xususiy yoki davlat-xususiy sheriklik asosida servis
va dillerlik markazlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
v) o‘tgan yillarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarda foydalanilgan bir yillik tomizgichli shlanglarni utilizatsiya qilish maqsadida kichik korxonalar va sexlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratsin;
g) suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun jalb qilingan xorijiy va mahalliy kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarish maqsadida ularning birinchi navbatda infratuzilma ob’ektlari (elektr energiyasi) mavjud bo‘lgan hududlarda joriy etilishiga e’tibor qaratsin;
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4087-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhlarining (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari) suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi roli va mas’uliyatini keskin oshirish choralarini ko‘rsin.
- 2021 yildan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yangi tartibi belgilansin:
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2-ilovaga muvofiq taqdim etiladi;
suvni tejaydigan texnologiyalarni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 3-ilovaga muvofiq subsidiyalar taqdim etiladi;
mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan
yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.
Belgilansinki, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan
yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi,
yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi.
- Moliya vazirligi (T.A Ishmetov, A.E.Ergashev):
2021 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 sentyabrdagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 575-sonli qarori asosida respublika byudjetidan maqbullashtirilgan xarajatlar yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarining tomchilatib sug‘orishni joriy etish uchun nazarda tutilgan 98,9 milliard so‘m miqdordagi mablag‘larning ajratilishini ta’minlasin;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) tijorat banklari bilan birgalikda ekin yerlarini lazerli uskuna yordamida tekislash bo‘yicha ko‘rsatiladigan mexanizatsiya xizmatlari uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan paxta va g‘alla imtiyozli kreditlari hisobidan 250 milliard so‘m to‘lab berilishini ta’minlasin.
- 2021 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun talab qilinadigan 1,5 trillion so‘m subsidiya mablag‘larining:
330 milliard so‘mini – Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Davlat byudjetidan ajratilishini ta’minlasin;
1 170 milliard so‘mini – Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov
va S.O‘.Umurzakov, Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.
- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U.Umurzakov, Sh.A.Vafayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘lar doirasida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga (klasterlar, kooperatsiyalar) tijorat banklari orqali 200 million dollargacha kredit liniyalarini ochsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga (I.Yu.Abduraxmonov) hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hamda suv bilan ta’minlanganlik holatlarini inobatga olib, suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash samaradorligi bo‘yicha dolzarb muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalarni shakllantirib, tanlov e’lon qilish uchun takliflar kiritsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev, V.M.Axmadjonov):
bir oy muddatda respublikamizda va boshqa davlatlarda ishonchli faoliyat olib borayotgan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqaruvchi hamda quruvchi chet el va mahalliy korxonalar ro‘yxatini shakllantirsin hamda mazkur tizimlarni joriy qilish istagida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga yetkazsin;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Sh.J.Teshayev) bilan birgalikda tegishli mutaxassislarni jalb qilib, 2021 yil 1 fevralga qadar respublikaning tuproq-iqlim, suv bilan ta’minlanganlik va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda asosiy ekin turlari bo‘yicha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishning uslubiy qo‘llanmalarini ishlab chiqsin;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Sh.J.Teshayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (A.S.Nazarov) hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (A.B.O‘razgeldiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hamda sug‘orish usullarini inobatga oladigan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish me’yorlari bo‘yicha vaqtinchalik normativlarni ishlab chiqib tasdiqlasin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) Moliya vazirligi (A.E.Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (K.A.Yuldashev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.M.Mustafoyev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimliklari bilan birgalikda:
2021 yil 1 aprelga qadar har bir hududda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi bittadan nasos stansiyasida sarflanayotgan elektr energiyasi va chiqarilayotgan suv hajmini zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, inson aralashuvisiz, onlayn tartibda shaffof monitoring yuritish тизиmини sinov tariqasida joriy qilsin;
2021 yil 1 dekabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligining mavjud
1 688 ta nasos stansiyasida elektr energiyasining sarfi hamda chiqarilgan suv hajmi hisobini yurituvchi respublika bo‘yicha yagona elektron axborot тизиmининg ishga tushirilishini ta’minlasin.
Bunda, mansublik chegarasidagi elektr energiyasi hisoblagichlarini Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos hisoblagichlarga almashtirilishi va sarflanayotgan elektr energiyasi axborotining ta’minlanishi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyev, iste’molchi balansida bo‘lgan elektr energiyasi hisoblagichlari hamda suv hajmi hisobini yurituvchi uskunalar o‘rnatilishi va axborot bilan ta’minlanishi bo‘yicha suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayevning shaxsan mas’ulligi belgilab qo‘yilsin.
Moliya vazirligi mazkur bandning uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan tadbirlarni Suv xo‘jaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlarini jalb qilish hisobidan moliyalashtirishi belgilansin.
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K.Abdinazarov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (A.S.Nazarov) hamda Suv xo‘jaligi vazirligi (V.M.Axmadjonov) bilan birgalikda
2021 yil 1 oktyabrga qadar ilg‘or xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash samaradorligini o‘rganib, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hamda suv bilan ta’minlanganlik holatlarini inobatga olgan holda zarur tavsiyalar ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Ilg‘or xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan qoplansin.
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K.Abdinazarov), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), “O‘zstandart” agentligi (D.N.Sattarov) va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi (M.N.Yunusov) suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarining butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqish sohasida sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, mahalliy va xorijiy texnologiyalar asosida namunaviy tipdagi respublika tabiiy-iqlim sharoitiga mos keluvchi suv tejovchi texnologiyalarning standartlarini ishlab chiqsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), Moliya vazirligi (A.E.Ergashev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
2021 yil 1 fevralga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari tomonidan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilgan har bir loyiha kamida besh yil muddatda samarali foydalanilishi bo‘yicha javobgarlik belgilash yuzasidan qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:
Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilgan holda joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalardan belgilangan tartibda va muddatlarda foydalanilmaganda ajratilgan subsidiya mablag‘larini qaytarib olish hamda qo‘llanilgan soliq imtiyozlarini bekor qilishni;
jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilishni, jumladan, davlat tomonidan subsidiya ajratilgan holda tatbiq etilgan suvni tejaydigan texnologiyalardan o‘rnatilgan tartibda foydalanmaslik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni qaytarib olingan subsidiya mablag‘larining besh foizigacha miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirishni nazarda tutsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (M.M.Xolmuxamedov) hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U.Turdikulova) bilan birgalikda Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi professional ta’lim muassasalarida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimining joriy etilishini ta’minlasin.
Bunda, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish xarajatlari Suv xo‘jaligi vazirligi
va buyurtmachilarning mablag‘lari hamda donor mamlakatlarning grantlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R.Sariyev, S.J. Xo‘jametov),
Xorazm (F.O‘.Ermanov, O.B.Yusupov), Buxoro (F.B.Umarov, S.N.Xikmatov), Jizzax (E.A.Saliyev, O.Sh.Ashurmatov) va Sirdaryo (G‘.G‘.Mirzayev, K.E.Sabirov) viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda 2021 yil 1 fevralga qadar qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda sho‘r yuvishning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritsin. Bunda:
sho‘r yuvishda suv sarfini keskin kamaytirish, ikkilamchi sho‘rlanish darajasini pasaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar;
tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy etilgan maydonlarda sho‘r yuvishning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda aniq takliflar;
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish uslublari” va “Sho‘r yuvish texnologiyalari” bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilishi hamda tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv rejalariga kiritilishi inobatga olinsin.
- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U.Umurzakov)
Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xayitov) bilan birgalikda 2021 yilda xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilib, har bir hududda lazerli uskuna yordamida ekin maydonlarini tekislash hisobiga suv sarfini kamaytirish bo‘yicha bittadan namunaviy loyihani amalga oshirsin. - 2020-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi
va viloyatlarda suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritalari 4a-4m ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. - Moliya vazirligi (A.E.Ergashev) Suv xo‘jaligi vazirligi (A.A.Mirzayev) va Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Sh.J. Teshayev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyevga 2021 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlariga zarur hollarda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin. - Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2020 yil 11 dekabr