“Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6010-son Farmonining ijrosini taʼminlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini takomillashtirish, yoʻqotishlarni bartaraf etish, shuningdek, isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini taʼminlash maqsadida:
1. “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) amalga oshirish doirasida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida belgilangan tartibda oʻtkazilgan
tender natijalariga muvofiq “Texnopark” MCHJ bilan elektron gaz hisoblagichlari va zarur boʻlgan uskunalarni yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Loyihani amalga oshirish:

a) quyidagi asosiy yoʻnalishlar asosida jadallashtirilsin:

tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi oʻrinlarda – Tizim) “ishlab chiqarish – gaz taqsimlash stansiyasi – tuman (shahar) chegarasi – yirik uchastkalar kirish qismi – isteʼmolchi” prinsipi asosida butun tarmoq boʻyicha joriy qilish;

hisoblagichlarni birinchi navbatda aholining tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarga oʻrnatish, shuningdek, yirik isteʼmolchilar va tadbirkorlik subyektlarini ularning hisobidan Tizimga ulash;

aholi yashash punktlarida barcha isteʼmolchilarning (maishiy, sanoat va byudjet) hisoblagichlarini hamda yirik uchastkalar kirish qismidagi hisoblagichlarni bir vaqtning oʻzida oʻrnatish va Tizimga ulash hamda tarmoqdagi yoʻqotishlarni bartaraf etish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish;

hisoblagichlarni oʻrnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish orqali joylardagi barcha xodimlarning koʻnikma va malakasini oshirish;

b) quyidagi tartibda tashkil etilsin:

“Hududgaztaʼminot” AJ mablagʻlari evaziga 2020-yil 1-oktyabrga qadar QibrayZangiota va Toshkent tumanlarida Tizimni oʻrnatish;

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan kredit mablagʻlari evaziga 2021-yil 1-fevralga qadar Oʻrta ChirchiqChinozYuqori ChirchiqYangiyoʻl va Karmana tumanlari hamda ToshkentAndijonBuxoroGulistonJizzaxNamanganNukusSamarqandTermizUrganchQarshiKattaqoʻrgʻonQoʻqonMargʻilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland boʻlgan hududlarda Tizimni oʻrnatish;

2021-yil 1-avgustga qadar respublikaning boshqa hududlarida isteʼmolchilarga zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatib, Tizimni toʻliq joriy etish;

ikki oy muddatda yirik isteʼmolchilar, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini, 2020 yil yakuniga qadar qolgan tadbirkorlik subyektlarini ularning oʻz mablagʻlari hisobidan hamda 2021-yil 1-mayga qadar ijtimoiy soha obyektlarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Tizimga ulanishini taʼminlash.

3. Loyihani moliyalashtirish va 2021-yil 1-avgustga qadar amalga oshirish uchun:

a) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 1 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 4 yil muddatda qaytarish sharti bilan, 6 oylik LIBOR plyus 3 foiz yillik stavkada, imtiyozli davrda asosiy qarz boʻyicha hisoblangan foizlar kapitalizatsiya qilinishi hisobga olinib, 150 million AQSH dollari miqdoridagi krediti jalb qilinsin;

b) quyidagilar jalb qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning 27,5 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi krediti;

elektron gaz hisoblagichlarini yigʻish uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlarini Italiyadan xarid qilishga yoʻnaltiriladigan Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligining sugʻurta qoplamasi ostida xorijiy tijorat banklari krediti;

Loyihaning mahalliy xarajatlarini qoplash uchun birinchi oʻrinda respublika jamgʻarmalari va mahalliy tijorat banklarining mablagʻlari va zaruratga koʻra xorijiy moliyaviy tashkilotlar qarz mablagʻlari.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligi va xorijiy moliyaviy tashkilotlar bilan muzokaralar yakunlanishini hamda zarur miqdordagi mablagʻlar jalb qilinishini taʼminlasin.

Moliya vaziriga “Hududgaztaʼminot” AJning Loyiha doirasida taʼminot boʻyicha moliya tashkilotlari, jamgʻarmalar va banklar oldidagi majburiyatlari yuzasidan tegishli kredit shartnomalarining talablari asosida Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini berish vakolati taqdim etilsin.

4. Quyidagilar:

Loyiha doirasida elektron gaz hisoblagichlarini yetkazib berish va oʻrnatish grafiklari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarda Tizimni joriy qilish grafigi 3-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarning yirik uchastkalari kirish qismiga elektron gaz hisoblagichlarini 2020-yilda oʻrnatish grafigi 4-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz ulgurji isteʼmolchilarining Loyiha maʼlumotlar bazasiga ulanish grafigi 5-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz hisoblagichlarini oʻrnatish hamda Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha 2020-yil oktyabr oyida oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlar grafigi 6-ilovaga muvofiq;

Tizimni joriy etishni tashkillashtirish boʻyicha ishchi guruhining namunaviy tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Tizimni joriy etishni tashkillashtirish boʻyicha ishchi guruhlari:

bir hafta muddatda hisoblagichlarni oʻrnatish va Tizimga ulash ishlarini tashkillashtirishga mahalla raislari va nozirlarini jalb qilish hamda tizimli ravishda aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlari olib borishni tashkil qilsin;

hisoblagichlar oʻrnatilgan xonadonlarda ishlatilgan tabiiy gaz uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish va yuzaga kelgan qarzdorliklarni undirish ishlarini tizimli tashkil qilsin;

hududda Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oʻrnatilgan hisoblagichlarga servis xizmatlari koʻrsatish ishlarini tashkil qilsin;

Tizimni joriy etish boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatsin;

amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida masʼul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini har haftada tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida hamda har oyda viloyat darajasida eshitishni tashkillashtirsin.

6. Tizim joriy etilishini nazorat qilish, natijadorligini oʻrganish va tahlil qilish komissiyasi 8-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar mazkur komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Tizim joriy etilishi yuzasidan nazorat oʻrnatish, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;

Tizimni joriy etishni tashkillashtirish boʻyicha ishchi guruhlarining ishlari natijadorligini, debitor qarzdorlikni kamaytirish va noqonuniy ulanishlarga chek qoʻyish samaradorligini baholash, ushbu yoʻnalishlarda masʼul rahbarlarning lavozimga loyiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

7. Vazirlar Mahkamasi Hisob palatasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab ushbu qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan hududlarda aholiga sotilgan tabiiy gaz boʻyicha qoʻshimcha tushumlarning bir qismini “Hududgaztaʼminot” AJning har bir hudud kesimida maxsus hisob raqamlarida jamgʻarish hamda mazkur mablagʻlar hisobidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb qilingan kredit mablagʻlarini qaytarish tartibini joriy qilsin.

8. Hisob palatasi tuzilmasida xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida 5 nafar shtat birligidan iborat Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining joriy etilishini hamda hisob-kitoblar holatini monitoring qilish shoʻbasi tashkil etilsin.

Hisob palatasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

taʼminotchi korxonalarning taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz yoʻqotishlarining oʻzgarishini tahlil qilish;

elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish holati, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli, oʻzaro hisob-kitoblar va mavjud debitor-kreditor qarzdorliklarining tahlili va monitoringini olib borish, ushbu yoʻnalishlarda tegishli choralar koʻrib borish;

maxsus hisob raqamlarga pul tushumlari, ularning maqsadli sarflanishi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kredit mablagʻlari toʻliq va oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish.

9. “Hududgaztaʼminot” AJ:

2021-yil 1-yanvardan boshlab tabiiy gaz hisobini toʻliq yoʻlga qoʻyish, toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirishni taʼminlash, Tizim orqali aniqlangan xatolarni tezkorlik bilan joyiga chiqib, oʻrganish
va bartaraf qilish ishlarini tizimli tashkillashtirishni;
Loyiha doirasida ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishni hamda belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida
va sifatli amalga oshirishni;

tabiiy gaz hisoblagichlarini oʻrnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha mazkur qarorga 6-ilovadagi grafik asosida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishini tashkil etib, joylardagi barcha xodimlarning koʻnikma va malakasini oshirishni;

har bir tuman va shaharda hisoblagich oʻrnatish guruhlarini shakllantirish, ehtiyojga koʻra, tumanlararo mobil oʻrnatish guruhlarini tashkillashtirib, grafik asosida hududlarga jalb qilishni yoʻlga qoʻyishni;

hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan Loyiha doirasida tabiiy gaz hisoblagichlarining isteʼmolchilarga oʻrnatilishida belgilangan tartibga qatʼiy rioya etilishini va isteʼmolchilar huquqlari buzilishining oldini olishni;

mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida belgilangan toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishni;

mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishining ekspertizasini yakunlab, 2020-yil 1-dekabrga qadar tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishni;

2021-yil 1-iyunga qadar Tizim bilan muvofiqlikda ishlovchi zamonaviy billing tizimi yaratilishini;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda tuman va shaharlar kesimida elektron gaz hisoblagichlari oʻz vaqtida yetkazib berilishini, shuningdek, har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni taʼmirlash va ularga servis xizmatini koʻrsatish shoxobchalari tashkil qilinishini taʼminlasin.

10. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda isteʼmolchilarning “Hududgaztaʼminot” AJ oldidagi isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorliklarini undirish grafigini ishlab chiqib, uni amalga oshirish choralarini koʻrib borsin.

11. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan Loyihani moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditni soʻndirish hamda ushbu kredit boʻyicha foiz va komissiyalarni toʻlashning prognoz jadvali 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Energetika vazirligi Loyiha doirasida:

“Hududgaztaʼminot” AJga ajratiladigan qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish;

tabiiy gaz hisobini yuritish;

aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz yoʻqotishlarini bartaraf etish boʻyicha rejalashtirilgan natijadorlikni taʼminlash;

toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorlarda undirilishini taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

13. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi ikki hafta muddatda:

“Hududgaztaʼminot” AJning Loyiha boʻyicha majburiyatlarini hisobga olgan holda tabiiy gazni sotib olish narxlarini va tabiiy gazni sotishdan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlasin;

respublikadagi issiqlik taʼminoti korxonalarining pul mablagʻlari taqsimoti tartibini “Hududgaztaʼminot” AJ oldidagi yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun mavjud qarzdorlikni soʻndirishni hisobga olgan holda ishlab chiqib, tasdiqlasin.

14. “Hududgaztaʼminot” AJga Loyiha amalga oshirilishida, istisno tariqasida, uning texnik-iqtisodiy asoslanishi tasdiqlanguniga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtgan import shartnomalari, shuningdek, mahalliy pudratchi va taʼminotchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha moliyalashtirishga ruxsat berilsin.

15. Belgilab qoʻyilsinki:

Energetika vazirligi Loyiha oʻz vaqtida amalga oshirilishiga masʼul ijrochi organ hisoblanadi;

“Hududgaztaʼminot” AJ Loyiha doirasida jalb etilayotgan kreditlar boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi, u asosiy qarzni toʻlaydi, tegishli mablagʻlar hisobidan foizlar, komissiyalar va kreditlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa xarajatlarni qoplaydi hamda jalb etiladigan qarz va kredit mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklari “Hududgaztaʼminot” AJ bilan hamkorlikda mazkur qarorga 3 va 4-ilovalarga muvofiq elektron gaz hisoblagichlarining toʻliq oʻrnatilishini taʼminlaydi;

ushbu qarorga 5-ilovada belgilangan muddatlardan soʻng ulgurji isteʼmolchilar bilan shartnomaviy munosabatlarga maʼlumotlarning Tizimga faqat onlayn tarzda uzatilishi taʼminlangan holda yoʻl qoʻyiladi.

16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda:

ikki hafta muddatda Tizim oʻrnatiladigan hududlarda aloqa va Internet qamrovi bilan taʼminlanganlik hamda aloqa sifati texnik talablarga mosligi darajasini oʻrgansin;

bir oy muddatda barcha hududlarni aloqa va Internet qamrovi bilan 2020-yil yakuniga qadar taʼminlash hamda aloqa sifatini texnik talablarga moslashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini taʼminlab borsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari B.T.Turabov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

           Prezidenti                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 24-sentyabr

O’zA