Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda mamlakatda faol investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

2017-2019 yillarda iqtisodiyotda oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2,1 barobarga, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga 2,8 barobarga ortgan. Yalpi ichki mahsulot tarkibidagi investitsiyalar ulushi 2016-yildagi 21 foizdan 2019-yil yakuniga koʻra 38 foizdan koʻproqqa oʻsdi. Ushbu davrda tashqi savdo aylanmasi hajmi 1,7 barobarga oshdi.

Investitsiyalar va tashqi savdodagi yuqori faollik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining 1,24 barobarga, qurilishning 1,44 barobarga oʻsishiga ragʻbatlantiruvchi taʼsir koʻrsatdi, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 24,1 foizdan 33,2 foizgacha oʻsdi.

Shu bilan birga, koronavirus global pandemiyasi kooperatsiya aloqalarining buzilishi, mahsulotga talabning va sotuv bozorlarining qisqarishi oqibatida iqtisodiyotning qator tarmoq va sohalaridagi korxonalarning ishlab chiqarish faolligiga cheklovchi taʼsir oʻtkazishda davom etmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari va nomenklaturasini kengaytirish, tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish va qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirishda qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, raqobat muhitini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasining quyidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) 2020-yil 1-noyabrdan:

ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda – korporativ buyurtmachilar) uchun shunday tartib oʻrnatiladiki, unga koʻra umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlari (ishlar, xizmatlar) xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda roʻyxati tasdiqlangan holda kuzatuv kengashlari (taʼsischilarning umumiy yigʻilishi) tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi;

xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash va chegaralash mexanizmi kiritiladi;

Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxatiga kiritilmagan mahsulotlar boʻyicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda xalqaro tajribaga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (Oʻzbekiston) narxidan 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda preferensiya beriladi;

hududiy byudjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyalari tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha yordamchilari majburiy tartibda kiritiladi;

b) 2021-yil 1-yanvardan strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga va korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillariga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarini oʻtkazishning ichki tartiblari joriy etilishini taʼminlasin.

2. Belgilansinki:

a) Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan quyidagi asosda shakllantiriladi va tasdiqlanadi:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan qoʻshma takliflari;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining elektron kooperatsiya portalida (keyingi oʻrinlarda – cooperation.uz portali) joylashtiriladigan hamda tegishli sertifikatlarga ega boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va ularning ishlab chiqaruvchilari haqidagi maʼlumotlar;

b) ushbu qaror 1-bandining “a” kichik bandi:

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning boshqa tartibi oʻrnatilgan alohida qarorlari boʻyicha tuziladigan;

mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash va ichki tartibni saqlash maqsadida amalga oshiriladigan, shuningdek, davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan xarid jarayonlari va shartnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi 2020-yil 1-oktyabrga qadar respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni batafsil oʻrganish asosida Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxatini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

4. 2020-yil 1-oktyabrdan shunday tartib kiritilsinki, unga muvofiq:

byudjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatini shakllantirishda ularni cooperation.uz portalida roʻyxatdan oʻtgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi;

korporativ buyurtmachi – korxonalar rahbarlari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan (texnik koʻrsatkichlar, ishlab chiqarish hajmlari va muddatlari boʻyicha) xarid qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning korporativ xaridlarini import orqali amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini kuzatuv kengashlariga (taʼsischilarning umumiy yigʻilishlariga) asoslab beradi;

korxonalarning kuzatuv kengashlaridagi (taʼsischilarning umumiy yigʻilishlaridagi) davlat vakillari boshqaruv organlari majlislarida umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarining asoslanganligiga oid masalalarning koʻrilishini taʼminlaydi, bunda ishlab chiqarish zaxiralaridagi import tovarlarining omborlardagi qolgan qismini ularning korxona faoliyatiga jalb qilinishi boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllagan holda tahlil qiladi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi har chorakda davlat vakillari tomonidan kuzatuv kengashlarida (taʼsischilarning umumiy yigʻilishlarida) ushbu qaror talablariga rioya etilishini tahlil qilib, natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi vazirlik va idoralar idoraviy mansub tashkilotlarda import xaridlarini optimallashtirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida ajratilgan mablagʻlarning samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan tizimli nazoratni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilishini taʼminlaydi;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har oyda import boʻyicha olib kelinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmi va nomenklaturasini tahlil qiladi, shuningdek, tarmoqlar, korxonalar va hududlar rahbarlari tomonidan importni optimallashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini baholab, ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi har chorakda sanoat tarmoqlari va hududlar kesimida ichki bozorda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Markaziy bank korporativ buyurtmachilarning ofshor yurisdiksiya hududlarida roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar hisobiga amalga oshirgan valyuta operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tijorat banklari tomonidan har oyda Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlaydi;

Moliya vazirligi byudjet tashkilotlarining kelgusi davr uchun xarajatlar smetasini kelishishda xarajatlar shakllanishini, shu jumladan, cooperation.uz portali maʼlumotlaridan kelib chiqqan holda tovarlar qiymatini aniqlash orqali nazorat qiladi;

Hisob palatasi har chorakda import xaridlarini amalga oshirishda davlat byudjeti, byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda korporativ buyurtmachilarning jalb qilingan va oʻz mablagʻlari maqsadli va samarali sarflanishini tahlil qiladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha yordamchilari respublikaga import qilinayotgan tovarlar hajmi va nomenklaturasi haqidagi statistik maʼlumotlar asosida hududlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi, shuningdek, tegishli hududlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni cooperation.uz portalida toʻliq joylashtirilishini taʼminlaydi;

Vazirlar Mahkamasi har oy oʻz komplekslari kesimida xaridlarni optimallashtirish, qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirish boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari – davlat buyurtmachilari rahbarlari va korxonalarning boshqaruv organlaridagi davlat vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini koʻrib chiqadi.

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Oliy Majlisga “davlat xaridlarining strategik subyekti” tushunchasini bekor qilish, xorijda ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlaridagi ishtirokini taqiqlash va chegaralash, davlat xaridlari usullarini kengaytirish va ularning shaffofligini, shu jumladan, tender (tanlov) xaridlari natijalarini ochiq manbalarda eʼlon qilish yoʻli bilan oshirish, shuningdek, davlat xaridlarida qonunchilik talablarining buzilishiga yoʻl qoʻygan davlat buyurtmachilari va kuzatuv kengashlarining javobgarligini oshirish boʻyicha meʼyorlarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini (yangi tahrirda) kiritsin;

Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) preferensiyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

6. Xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda Davlat xaridlari subyektlarining xarid tizimini auditdan oʻtkazish jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Hisob palatasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan jadvalga muvofiq import xaridlari auditini oʻtkazishda xalqaro auditorlik kompaniyalari bilan hamkorlikni taʼminlasin va audit natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar:

cooperation.uz portalida respublikada ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik koʻrsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bogʻlanish maʼlumotlari bilan birgalikda joylashtirilishini hamda muntazam ravishda yangilab borilishini;

cooperation.uz portalining Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi (TSOYAEAT) va Davlat xaridlarining maxsus elektron portali (xarid.uz) bilan integratsiyasini taʼminlasin.

8. Davlat bojxona qoʻmitasi:

davlat xaridlari doirasida yetkazib berilayotgan import tovarlari narxlari monitoringini “tahlika-tahlil” usullari, shuningdek, “koʻzguli statistika” maʼlumotlaridan foydalangan holda kuchaytirsin hamda sezilarli farq holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oy Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Moliya vazirligiga taqdim etsin;

bojxona omborlarida saqlanayotgan, muddati uch oydan oshgan tovarlarning nomenklaturasi va hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat buyurtmachilari kesimida har oyda Vazirlar Mahkamasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etsin hamda oʻzining rasmiy saytida eʼlon qilsin;

tovarlar narxini pasaytirib olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yuklangan funksiya va vazifalarning samarali ijrosini taʼminlasin.

9. “Oʻzstandart” agentligi:

ikki oy muddatda sifatsiz, sertifikatlanmagan va qalbaki, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi (YEI) va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida (YEOII) xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimlariga kiritilgan, YEI va YEOII mamlakatlariga olib kirish taqiqlangan mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi va olib kirilayotganligi toʻgʻrisidagi axborot tizimini joriy etsin;

Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvardan xorijiy mamlakatlarda xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimiga kiritilgan mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish uchun” bojxona rejimiga rasmiylashtirishga taqiq kiritsin;

2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro, mintaqalararo va xorijiy standartlarni ularning asl tilidagi mahsulotga talablarni oʻzgartirmasdan xuddi shunday koʻrinishda qabul qilish orqali, 1995-yilgacha tasdiqlangan 5 236 ta standartlar “tartibga soluvchi gilyotina” usulida bekor qilinishini taʼminlasin;

ishlab chiqargan mamlakatning texnik reglament talablari, standartlari va meʼyorlariga muvofiq boʻlmagan mahsulotlar toʻgʻrisida sertifikatsiya organlariga maʼlumot yuborsin hamda ularning ichki bozorga muomalaga chiqarilmasligi ustidan davlat nazoratini oʻrnatsin;

ikki oy muddatda “tahlika-tahlil” usullaridan foydalangan holda import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilar tomonidan amaldagi standartlar, texnik reglamentlar va ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, tegishli talablarga javob bermaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, import va realizatsiya qilganlik uchun ularning javobgarligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hukumat komissiyasi:

ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksionerlik jamiyatlari va korxonalarning kuzatuv kengashlari bilan birgalikda bir oy muddatda investitsiyaviy loyihalarni tasdiqlangan moliyalashtirish manbalari mavjud boʻlmagan taqdirda toʻxtatish yoki bekor qilish va ijtimoiy-iqtisodiy maqsadga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan oʻtkazsin;

ikki oy muddatda korporativ buyurtmachilar tomonidan tuzilgan amaldagi uzoq muddatli import shartnomalarini koronavirus pandemiyasi yoki shartnoma shartlarining oʻzgarishi sharoitida narxlarni pasaytirish imkoniyatlari yuzasidan oʻrgansin;

bir oy muddatda vazirliklar, idoralar, hududlar va korxonalar rahbarlari tomonidan investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish va importni optimallashtirish masalalari yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini baholovchi aniq indikatorlarni (KPI) tasdiqlagan holda, har chorakda Vazirlar Mahkamasiga har bir rahbar erishgan indikatorlar boʻyicha maʼlumotlarni kiritib borsin.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:

2021-yil uchun Investitsiya dasturining manzilli qismini ishlab chiqishda markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan yangidan boshlanadigan investitsiyaviy loyihalarni ularni amalga oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy maqsadga muvofiqligi jihatidan puxta ekspertizadan oʻtkazsin;

2021-yil 1-yanvargacha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholashning umumqabul qilingan tamoyillari (PIMA) asosida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni toʻliq va uzluksiz monitoring qilish tizimini, shu jumladan, investitsiyadan keyingi davrda (obyekt ishga tushirilgandan keyin 3–5 yil davomida) erishilgan maqsadli koʻrsatkichlarni tahlil qilish va loyihalarning mamlakat, tarmoq, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga taʼsirini baholashni har yili oʻtkazish asosida monitoring qilishni nazarda tutuvchi tizimni ishlab chiqsin va joriy etsin.

12. Tarif va notarif tartibga solish kengashi ikki oy muddatda xalqaro tajribani va Jahon savdo tashkiloti kelishuvlarining qoidalarini oʻrganish asosida Vazirlar Mahkamasiga:

tashqi savdoni tartibga solishning yangi tartibini, shu jumladan, tarif, notarif va tarifli kvotalash choralari orqali importni optimallashtirish boʻyicha tezkor qarorlarni qabul qilish boʻyicha yana-da moslashuvchan mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutuvchi kompleks takliflarni;

Import qilinadigan tovarlarga nisbatan vaqtinchalik tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini kiritsin.

13. Quyidagilarga:

byudjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari zimmasiga – davlat xaridlarini amalga oshirishda mablagʻlarning samarali va maqsadli ishlatilishini taʼminlash, shuningdek, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish yuzasidan;

Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B.Azimov zimmasiga – davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxatiga kiritilgan tovarlarning davlat xaridlari doirasida import qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha tasdiqlangan koʻrsatkichlarning toʻlaqonli bajarilishi, investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, kichik hududiy va yirik tarmoq korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish yuzasidan;

Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga – davlat xaridlari doirasida importni optimallashtirish, mamlakat tarmoq va hududlarida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish chora-tadbirlarining samaradorligi yuzasidan;

Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzoqov zimmasiga – ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga jalb qilinadigan investitsiyalarning samaradorligi yuzasidan;

Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari Oʻ.I.Barnoyev, B.A.Musayev, A.A.Abduhakimov, O.M.Umarov zimmasiga – mutasaddilik qilinadigan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar rahbarlari tomonidan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining sifatli ijro etilishini tashkil etish, shuningdek, tegishli tarmoqlarda byudjet mablagʻlarining samarali ishlatilishi yuzasidan;

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga – markazlashgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida importni optimallashtirish yuzasidan;

Bosh vazir A.N.Aripov zimmasiga – Bosh vazir oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, tarmoq idoralari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, shuningdek, kuzatuv kengashlaridagi (taʼsischilarning umumiy yigʻilishlaridagi) davlat vakillari tomonidan ushbu qaror bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishining yakuniy natijalari uchun, zarur hollarda intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash, shu jumladan, egallab turgan lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar kiritish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 21-avgust

 

O’zA