Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bozor iqtisodiyoti sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlayotgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalariga qarashli yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Moliya vazirligi, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston karlar jamiyati (keyingi o‘rinlarda – nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari)ning yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Belgilansinki, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar:

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblash va to‘lashdan ozod qilinadi;

soliqqa tortiladigan yerlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan,
yer uchastkasining joylashgan o‘rniga qarab belgilangan yer solig‘ini stavkasiga nisbatan 0,1 pasaytiruvchi koeffitsienti qo‘llangan holda to‘laydi.

3. Davlat buyurtmachilariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning tovarlari (ishlari, xizmatlari)ni xarid qilish uchun kvotalar taqdim etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ushbu qarorda ko‘rsatib o‘tilgan normalarni nazarda tutsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

           Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2019 yil 23 avgust

 

O’zA