Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini va eksporti hajmlarini oshirish, ularning xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilishini taʼminlash hamda mavjud sinov va kalibrlash laboratoriyalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, aholiga sifatli va xavfsiz mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muvofiqlikni baholash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish, idoralararo va innovatsion sinov va kalibrlash laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va mahalliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq baholash orqali savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “Oʻzstandart” agentligining:
“Oʻzstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini 2020-yil 1-yanvardan “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasiga (keyingi oʻrinlarda – “UzTest” davlat korxonasi) aylantirish hamda uning muassisi etib Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutini belgilash;
“Oʻzstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi vorisi etib “UzTest” davlat korxonasini belgilash;
2019-2020 yillarda Toshkent shahrida xalqaro tashkilotlarning (ISO, IEC, UNECE, EN, CODEX STAN) standartlari, talab va meʼyorlariga muvofiq oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish, polimer va kimyo sanoati mahsulotlari hamda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sinovlarini toʻliq amalga oshiradigan zamonaviy sinov va nazorat laboratoriyalaridan iborat “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil etish;
“Oʻzstandart” agentligining 1-ilovada nazarda tutilgan hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari davlat korxonalarini tugatish;
tugatilayotgan hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari negizida “UzTest” davlat korxonasining hududiy filiallarini 2-ilovaga muvofiq, “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi hududiy filiallarini 3-ilovaga muvofiq tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Kompleks chora-tadbirlar rejasida koʻzda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksi tomonidanoʻzlashtiriladigan mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish yoʻnalishlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil etish, texnologik asbob-uskuna bilan jihozlash va modernizatsiyalash ishlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik tarmogʻini rivojlantirish loyihasini Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3790-son qaroriga muvofiq Jahon banki tomonidan 25 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada ajratiladigan 11,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ;
UNI Credit Bank (Chexiya) tomonidan 7 yil muddatga yillik 2,1 foiz stavkada ajratiladigan 3,88 million yevro miqdoridagi mablagʻ;
xalqaro moliya institutlarining grantlari, imtiyozli kreditlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. “Oʻzstandart” agentligi tizimi tashkilotlariga, istisno tariqasida, sinov, kalibrlash va qiyoslash laboratoriyalarini tashkil etish doirasida 2021-yilga qadar oʻz mablagʻlari hisobiga import qilinadigan laboratoriya jihozlari, asbob-uskunalari, standart namunalar, kimyoviy reaktiv va reagentlarni xarid qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ularni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazish sharti bilan ruxsat etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil qilish va rivojlantirish, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini modernizatsiyalash maqsadlari uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb etish chora-tadbirlarini koʻrsin.
7. Belgilansinki, “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksi tarkibidagi sinov laboratoriyalari mahsulot sinovlarini amalga oshirish bilan birga “Oʻzstandart” agentligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining buyurtmalari (ish rejalari)ga asosan davlat nazorati bilan bogʻliq sinovlarni (oʻsimliklar karantini xizmati va farmatsevtika mahsulotlari bundan mustasno) amalga oshiradi.
8. 2019-2020 yillarda Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti kurslarida malaka oshiradigan mutaxassislarning hududlar va ixtisosliklar boʻyicha taqsimotlari 7 va 8-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
9. “Oʻzstandart” agentligi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda 2019-2020 yillar davomida hududlarning sanoat, ishlab chiqarish va eksport salohiyatidan kelib chiqib, mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq “UzTest” davlat korxonasining hududiy filiallarini chet el va mahalliy investorlarga realizatsiya qilish, shu jumladan, ularning negizida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
10. “Oʻzstandart” agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda chetdan olib kelinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sinovlari shaffofligini taʼminlash maqsadida amaldagi standart va meʼyorlarga muvofiq har bir mahsulot boʻyicha sinov dasturlarini ishlab chiqib tasdiqlasin hamda doimiy yangilab turgan holda rasmiy saytlarga joylashtirib borish tizimini yaratsin;
mahsulotlar sifat va xavfsizlik sinov koʻrsatkichlari toʻliq baholangandan soʻng muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish tizimini yoʻlga qoʻysin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-yanvardan:
akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari mahsulot sinovlarini “Oʻzstandart” agentligi rasmiy saytida joylashtirilgan sinov dasturlari asosida oʻtkazadi;
bir turdagi mahsulotga nisbatan tasdiqlangan sinov dasturini ikkita va undan ortiq xususiy sinov laboratoriyalari toʻliq xalqaro talablar asosida oʻzlashtirgan taqdirda, davlat organlari tizimiga kiradigan sinov laboratoriyalari tomonidan mazkur mahsulotning sinovi faqat davlat monitoringi hamda nazorati maqsadlarida amalga oshiriladi;
mahsulot sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish idoraviy boʻysunuvidan qatʼiy nazar akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalarida oʻtkazilgan ijobiy sinov natijalariga asosan amalga oshiriladi;
akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari xalqaro standartlarga asosan yangi sinov uslubini oʻzida joriy etsa, uch oy ichida akkreditatsiya doirasini kengaytirish majburiyatini olgan holda ushbu uslub boʻyicha muvofiqlikni baholash ishlarini amalga oshirishlariga ruxsat etiladi. Bunda yangi sinov uslublarini qoʻllashga akkreditatsiya sohasini kengaytirish uchun belgilangan tartibda taqdim etilgan buyurtma asos boʻladi;
muvofiqligi tasdiqlanishi shart boʻlgan mahsulotlar sinovini amalga oshirmaydigan va tashkilotlarning oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun tashkil etiladigan sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish oʻrniga ularning texnik jihatdan malakaliligini maʼqullash tartibi joriy etiladi.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan qoidalar oʻsimliklar karantini xizmati va farmatsevtika mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.
12. “Oʻzstandart” agentligi bir oy muddatda:
Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining texnik jihatdan malakaliligiga qoʻyilgan umumiy talablarni belgilovchi davlat standartini tasdiqlasin hamda sinov va kalibrlash laboratoriyalarining texnik jihatdan malakaliligini maʼqullash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda respublikada hamda chet el oliy taʼlim muassasalarida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida taʼlim olayotgan 3 va 4-bosqich talabalari orasida tanlov oʻtkazib, ularning xorijiy mamlakatlar eng ilgʻor ilmiy-sinov laboratoriyalarida amaliyotini tashkillashtirish va milliy sinov va kalibrlash laboratoriyalariga muddatli shartnoma asosida ishga jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.
13. “Oʻzstandart” agentligi sinov va kalibrlash laboratoriyalari ehtiyojlarini qondirish maqsadida kelgusi davr uchun xarid qilinadigan laboratoriya jihozlari, asbob-uskunalari, standart namunalar, kimyoviy reaktiv va reagentlar roʻyxatini elektron kooperatsiya portaliga joylashtirib borsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ import qilinayotgan laboratoriya jihozlari, asbob-uskunalari, standart namunalar, kimyoviy reaktiv va reagentlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha 2019-yil 1-oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzstandart” agentligining 2020-yil 1-yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish haqidagi takliflari maʼqullansin:
davlat xaridlarida, birja savdolarida ishtirok etish hamda imtiyoz va preferensiyalar olish uchun korxona va tashkilotlar oʻzlari taklif etayotgan mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash;
import qiluvchi va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga muvofiqlik belgisidan foydalanganlik uchun bir martalik toʻlovni bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida qatʼiy belgilash hamda sertifikatlashtirish idoralariga tushgan summa soliq toʻlovlari toʻlanganidan soʻng qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanishi;
sertifikatlashtirish idoralariga oʻz brendlarini yaratish va ulardan oʻrnatilgan tartibda shartnoma asosida foydalanish amaliyotini joriy etish.
15. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sertifikatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda tadbirkorlik faoliyati subyektlari, shu jumladan, eksport qiluvchi korxonalarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahsulot namunalarini sinov va kalibrlash laboratoriyalariga yetkazishda transport logistikasi tizimini joriy qilish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.
16. Toshkent shahar hokimligi bir hafta muddatda “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasini belgilangan tartibda ajratib berishni taʼminlasin.
17. “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 15-avgust