O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizning boy va qadimiy tarixidan ma’lumki, ajdodlarimiz tomonidan mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish eng bebaho qadriyat va an’analardan hisoblanadi. Mazkur qadriyatlarimizni izchil davom ettirgan holda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini barcha hududlarda amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Har kim o‘zi yashaydigan uy, mahalla va qishloqni obodonlashtirishda hissasini qo‘shsa, yurtimiz obod bo‘ladi, obod yurtda yashaydigan odamlar kayfiyati yaxshi bo‘lishi ta’minlanadi.
Shu bilan birgalikda, mamlakatimiz aholisining 49 foizi yashaydigan qishloq joylarda salmoqli demografik, mehnat va iqtisodiy salohiyat jamlanishiga qaramasdan, ular uchun zarur sharoitlar yaratib berilmagan, turmush darajasi va sifatini oshirishga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Jumladan, so‘nggi yillarda paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda hissasi yuqori bo‘lgan dehqon-fermerlarning va boshqa toifadagi aholining hayotiy-maishiy ehtiyojlari to‘liq ta’minlanmagan.
Bunday holat qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatimizni zamonaviy rivojlangan davlatga aylantirishga to‘siq bo‘lmoqda. Xususan, hududlarga tashriflar jarayonida joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishish, bevosita mahalla va xonadonlarga kirib borish hamda aholi bilan muloqot natijalari quyidagi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, mahalliy hokimliklar, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasining hududiy organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan shaharsozlik me’yor va qoidalariga amal qilmagan holda, bino-inshootlar va uy-joylarni tartibsiz va o‘zboshimchalik bilan qurish holatlariga chek qo‘yilmayapti. Qurilish ishlarining qishloq va mahalla darajasida kompleks yondashuvlar asosida olib borilmasligi oqibatida qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasi eskicha ko‘rinishda qolmoqda.
Ikkinchidan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJning quyi tizim korxonalari tomonidan qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari, transformator punktlarini ekspluatatsiya qilish qoniqarsiz ahvolda olib borilishi oqibatida zarur infratuzilmalar eskirgan va yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
 
Uchinchidan, shaharsozlik me’yor va qoidalari hududlarning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirilmaganligi oqibatida qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini yaxshilash, xususan, mazkur hududlarda avtomobil yo‘llari va yo‘lbo‘yi infratuzilmasi barpo etish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya tizimlarini barpo etish tartibsiz ravishda olib borilmoqda.
To‘rtinchidan, mahalliy byudjetlar va tarmoq tashkilotlari tomonidan qishloq aholi punktlarida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini kompleks tarzda amalga oshirish uchun moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Beshinchidan, eng achinarlisi shuki, aholining ayrim qismlari shu ahvolga ko‘nikkan, boqimandalik kayfiyatiga berilib ketganligi oqibatida o‘zining uy-joylari, hovlisi va tomorqasini saqlashga e’tibor qaratmay qo‘ygan. Xalqimizning “Qush inida ko‘rganini qiladi” degan naqlini esdan chiqarib, o‘z ostonasini osoyishta va saranjom qilmaslik farzandlarimiz va nevaralarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oltinchidan, obodonlashtirish ishlariga faollar, keng jamoatchilik va fuqarolarni jalb qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti va aniq bir tizimli samarali ishlar olib borilmayapti. Ayniqsa, mazkur ishlar sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘g‘inlari e’tiboridan chetda qolgan va bu borada qat’iy tashabbuskorlik va muvofiqlashtirish yetishmaydi.
Yettinchidan, hududlarda an’anaviy bo‘lib qolgan hasharlarni faqatgina “xo‘jako‘rsin” uchun bayram kunlariga yaqin sanalarda yuzaki o‘tkazish odat tusiga kirgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, joriy yilning 1-aprelidan boshlab respublikaning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018-yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturi (keyingi o‘rinlarda dastur deb ataladi) amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar dasturning ustuvor maqsadlari va xarajatlarning asosiy manbalari etib belgilansin:
birinchidan, respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga aholini ishonchli tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;
ikkinchidan, mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash, yo‘lbo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;
uchinchidan, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga elektr ta’minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish;
to‘rtinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e’tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli xarajatlarning yarmini respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar hamda qolgan qismini mahalliy byudjet va mahalliy homiylar hisobidan moliyalashtirish;
beshinchidan, bozor infratuzilmasi obyektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan barpo etish;
oltinchidan, uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, bu jarayonda keng miqyosda hashar usullarini qo‘llash hisobiga hovli va atrof hududlarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, oqova suv xandaqlarini barpo etish hamda muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish (ta’mirlash) va boshqalar.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida “Obod qishloq” jamg‘armalari tuzilsin.
Iqtisodiyot vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda “Obod qishloq” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.
Quyidagilar “Obod qishloq” dasturida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari;
mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari;
tarmoq korxonalarining mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;
“Mahalla” jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari;
tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari;
hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining har yillik Davlat byudjeti, shu jumladan, mahalliy byudjetlar parametrlarini tasdiqlashda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun zarur miqdorda mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
Bunda, dastur doirasida “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbektelekom” AK, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining, tashkilot va korxonalar o‘z mablag‘larining tegishli maqsadlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur Farmon bilan “Obod qishloq” dasturining belgilab berilgan asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, barcha tashkiliy chora-tadbirlar izchilligi, loyihalarni moliyalashtirish manbalari, moddiy resurslar ta’minoti bilan uzviy va chambarchas bog‘langan 2018-yil uchun chora-tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
“Obod qishloq” dasturi doirasida markazlashgan manbalar va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilansin.
Barcha obyektlar bo‘yicha bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat berilsin.
Mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish va ularning samaradorligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisi B.Zakirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari va sektor rahbarlari dasturni amalga oshirish doirasida qamrab olinadigan joriy va kelgusi davrlarga mo‘ljallangan qishloq va mahallalarning manzilli ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun quyidagi qat’iy shartlar asosida shakllantirishni ta’minlasinlar:
har bir qishloq kesimida tuman (shahar) hududiy tashkilotlari bilan birgalikda mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish va boshqarish yuzasidan tezkor maxsus shtablarni joriy etish, shu jumladan, ishlarni hashar va xo‘jalik usulida bajarishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, moliyalashtiriladigan qismi bo‘yicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, shu jumladan, soliq yig‘iluvchanligini va qo‘shimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy byudjet daromadini oshirish;
arxitektura, sanitariya va texnik talablar asosida shaxsiy mulk egalari o‘z uy-joyini saqlash, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish, yer va mol-mulk soliqlarini hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisob-kitob qilish va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hasharlarda fuqarolarning bevosita shaxsiy ishtirokini aks ettiruvchi jamoa shartnomalarini tuzish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi uy-joy, bino-inshootlar va tomorqa xo‘jaliklari mulkdorlari tomonidan amaldagi talab va qoidalar buzilishi va ularga rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq tegishli choralar ko‘rsinlar.
7. Belgilab qo‘yilsinki, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan obyektlarni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan ta’minlash maqsadida metall prokati, sement, noruda materiallari, g‘isht, temir-beton mahsulotlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq, shifer va shu kabi boshqa asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun korxonalarga gaz va elektr energiyasi 2018-yil 1-maydan boshlab “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJ tomonidan aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib beriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, boshqa tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda sement, metall prokati, g‘isht, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq mahsulotlari kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish uchun firma do‘konlari tarmoqlarini tashkil etish choralarini ko‘rsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, tegishli loyiha institutlari bilan birgalikda:
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini batafsil rejalashtirish loyihalari bilan birgalikda oldindan ishlab chiqishni;
2019-yil 1-yanvarga qadar qishloq aholi punktlari me’moriy qiyofasini yaxshilash tizimini takomillashtirish maqsadida shaharsozlik me’yor va qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish, zarur hollarda yangi standart va mezonlarni ishlab chiqishni;
har bir obyekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlari bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, Matbuot va axborot agentligiga barcha turdagi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholi punktlarida, ayniqsa, chekka va olis hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlarini batafsil yoritib borish va keng xalq ommasi orasida targ‘ib qilish tavsiya etilsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                            Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 29-mart
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i
 
“OBOD QISHLOQ” DASTURINI 2018-YILDA AMALGA OSHIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
“Obod qishloq” dasturining 2018-yil uchun mo‘ljallangan maqsadli parametrlari hamda dastur doirasida 2018-yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining asosiy ko‘rsatkichlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
“Obod qishloq” dasturi doirasida 2018-yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
“Obod qishloq” dasturi doirasida ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz va elektr energiyasini aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib berish preferensiyalari tatbiq etiladigan asosiy turdagi qurilish materiallari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun tuman va shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan maxsus shtablarning namunaviy tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Obod qishloq” dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) 6-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash, shuningdek, yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish;
qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha belgilangan parametrlar ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash yuzasidan tizimli monitoring yuritish;
kelgusi yillar uchun “Obod qishloq” dasturini tayyorlash, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirish va dastur parametrlarini ishlab chiqish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar – buyurtmachilarning takliflari asosida tasdiqlangan dasturning tegishli parametrlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bajariladigan ish turlari va hajmlari hamda moliyalashtirish manbalariga kelishilgan holda aniqlik kiritish.
Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti Respublika komissiyasining Ishchi organi etib belgilansin hamda unga kelgusi yillar uchun “Obod qishloq” dasturini ishlab chiqish, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirish va dastur parametrlarini ishlab chiqish vazifasi yuklansin.
Respublika komissiyasi (A.J.Ramatov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmonidan kelib chiqib, o‘n kun muddatda mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik (idora)lar tomonidan ishlab chiqilgan hamda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan tuman va qishloqlar kesimidagi manzilli ro‘yxatlarni tasdiqlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda kelgusi yil O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish dasturi parametrlarini shakllantirishda “Obod qishloq” dasturi doirasida 2019-yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlari uchun zarur markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitini ko‘zda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha obyektlari, yo‘l-transport infratuzilmasi va muhandislik kommunikatsiyalari qurilishiga xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini jalb qilish uchun loyihaning moliyaviy-iqtisodiy hisobotini (loyihaoldi hujjatini) o‘n besh kun muddatda tayyorlab, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tomonidan taqdim etilgan loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy hisobotlari (loyihaoldi hujjatlari) asosida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliyalashtiruvchi tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari va grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hokimliklari bir oy muddatda tegishli vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan har bir tuman (shahar) va qishloq bo‘yicha maxsus shtablarni shakllantirib, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘ysin, shuningdek, har bir obyekt kesimida tarmoq jadvallarini tasdiqlasin va monitoring natijalarini har oy yakuni bilan Respublika komissiyasiga taqdim etib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, boshqa tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholi punktlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlari bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rsin.
“O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zmaxsusmontajqurilish” AK, “O‘zeltexsanoat” AK, tarkibida qurilish materiallari va jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarishga mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlarini yetkazib berish uchun joylarda savdo shoxobchalari – korxonalarning firma do‘konlari va filiallarini kompleks tarzda tashkil etsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, sektorlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, boshqa tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning natijalariga ko‘ra:
mavjud uy-joylar, bino-inshootlar, infratuzilma obyektlari, yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiyalarining texnik holatini o‘rgansin hamda shu asosda ularda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bajarilishini;
texnik talablarga javob bermaydigan yoki noqonuniy ravishda qurilgan bino-inshootlar va qurilmalarning buzilishini;
o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari tuman hokimliklarining yer zaxira fondlariga olinishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “Obod qishloq” dasturi doirasida tuman markazidan qishloqlargacha bo‘lgan yo‘llarni, qishloqlarning markaziy ko‘chalarini va asfalt bilan qoplangan yo‘llarni ta’mirlash, qishloqlarning asfalt qoplamasiz ichki yo‘llariga qum-shag‘al qorishma yotqizish va piyodalar yo‘laklariga beton qoplama yotqizishni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari asosida amalga oshirsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida mavjud ko‘p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, umumfoydalanuv qismlari va maydonlarini (fasad, podyezd, zina maydonlari, tom, yerto‘la, trotuar, bolalar maydonchalari) ta’mirlash, maishiy infratuzilma obyektlarini (tashqi sanitariya tarmoqlari, tandirxona) joylashtirish hamda atrof hududini tartibga keltirish bo‘yicha namunaviy talablarni (eskiz loyihasini) ishlab chiqib, ishlarni shu asosda amalga oshirishni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uchun alohida loyiha tashkilotlarini biriktirib, ular tomonidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, tashqi qiyofasini tartibga keltirish, umumfoydalanuv qismlari va maydonlarini ta’mirlash, maishiy infratuzilma obyektlarini joylashtirish hamda atrof hududini obodonlashtirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy “Toza hudud” DUKlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida chiqindi yig‘ish punktlarini barpo etib, tizimli ravishda chiqindilarni yig‘ish, olib ketish va utilizatsiya qilish ishlarini tashkil qilsin hamda mazkur ishlarni bajaradigan korxonalarni zarur transport vositalari, texnika va mashina-mexanizmlar bilan ta’minlash yuzasidan choralar ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, sektorlar rahbarlari, xo‘jalik birlashmalari, korxona va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining ish bilan bandligi oshirilishini ta’minlasin.
Bunda mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish, bo‘sh turgan bino-inshootlarda ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarini tashkil etish, ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish va ta’mirlash, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalarini barpo etish hamda ularning tarmoqlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va S.R.Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 29-mart
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
“Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga
 
SHARH
Eng avvalo, respublikamiz aholisining salkam yarmi qishloq hududlarda yashab kelayotganligi hamda ularning fidokorona mehnati, dehqon, fermer, chorvador va mirishkorlarning sa’y-harakatlari natijasida dasturxonimiz mo‘l-ko‘l bo‘layotgani “Obod qishloq” dasturining qabul qilinishida asosiy omil bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish zarur.
So‘nggi yillarda viloyat va tumanlar markazlarida obodonlashtirish va markaziy ko‘chalarning me’moriy qiyofasini yangilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qishloq aholisi uchun yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilayotgani, xususan, 2017-yilda qishloq joylarda 18 mingdan ortiq oilalar uchun ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasiga ega shinam uylar barpo etilgani shular jumlasidan.
Ammo tashriflar davomida olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushayotgan haqqoniy e’tirozlar va murojaatlar shundan dalolat beradiki, aholining uy-joy va maishiy sharoitlarini yaratish borasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, mahalliy hokimliklar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlarining mas’uliyatsizligi oqibatida uy-joy fondi yillar davomida ta’mirlanmasdan, tom qismlari va tashqi qiyofasi mutlaqo talabga javob bermaydigan ahvolga kelib qolgan.
Bundan tashqari, qishloq aholi punktlarida elektr tarmoqlari va transformatorlardagi avariyalar elektr ta’minoti tarmoqlarida ko‘plab uzilishlarni keltirib chiqarmoqda, shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarining yetishmasligi kuzatilmoqda.
Keyingi dolzarb muammolardan biri shuki, hududlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari sifatsiz olib borilmoqda, ichimlik suvi quvurlari va inshootlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan hamda oqova inshootlari sanitariya talablariga javob bermaydi.
Yana shuni ta’kidlash zarurki, aholining ayrim qismi shunday ahvolga ko‘nikkani, boqimandalik kayfiyatiga berilgani natijasida o‘zining uy-joyi, hovlisi va tomorqasini saqlashga e’tibor qaratmay qo‘ygan.
Mazkur ishlar sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘g‘inlari e’tiboridan chetda qolgani yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarning asosini tashkil etadi.
Shu bilan birga, joylardagi faollar tashabbusi bilan emas, balki hududlarda an’anaviy bo‘lib qolgan hasharlarni faqatgina “xo‘jako‘rsin” uchun bayram kunlariga yaqin sanalarda yuzaki o‘tkazish odatga aylanib qolmoqda.
Albatta, bunday holatlar hech kimni, ayniqsa, mazkur hududlarda yashayotgan aholining barcha qatlamlarini qoniqtirmaydi. Ushbu vaziyatni tubdan o‘zgartirish hamda aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida quyidagilar ishlab chiqilgan dasturning asosiy maqsadlari etib belgilangan.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tuman va shaharida, avvalo, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018-yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloqda (mahallada) aholining yashash sharoitlarini bosqichma-bosqich tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloqlarning (mahallalarning) qiyofasini zamonaviylashtirishga va qishloq aholisi uchun ish joylarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturi amalga oshiriladi.
2018-yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash chora-tadbirlari qabul qilingan dasturning ustuvor maqsadlari sifatida belgilangan.
Dasturda, ayniqsa, 127143 ta uy-joyni ta’mirlash, ularning tomini, tashqi ko‘rinishi, yon-atrofini obodonlashtirish ishlari alohida o‘rin egallagan.
Dastur doirasida 1535 kilometr toza ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan hamda qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash uchun jami 2083 kilometr yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida 571 zamonaviy avtobus xarid qilinib, qishloq va tuman markazi orasida transport qatnovini yo‘lga qo‘yish va ushbu yo‘nalishlarda 252 ta bekat barpo etish nazarda tutilgan.
Xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan 1847 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlarini yaxshilash, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 44868 ta gaz balloni yetkazib berish hamda aloqa tizimini modernizatsiya qilish ishlari ham amalga oshiriladi.
Ma’lumki, ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlarni tubdan yaxshilash davlatning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, bolalar bog‘chasi, maktab, oilaviy poliklinikalar va shu kabi boshqa jami 736 ta ijtimoiy soha obyektini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari bajarilib, laboratoriya va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
Albatta, joylarda bozor infratuzilmasi obyektlari va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlik asosida bunyod etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Dasturni amalga oshirish vazifalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada mahalliy hokimliklar huzurida “Obod qishloq” maqsadli jamg‘armalari tuziladi. Byudjet, tarmoq korxonalarining, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grantlari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘larni ushbu jamg‘armalar manbalari sifatida belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Birgina joriy yilda dastur doirasida nazarda tutilgan ishlarga barcha manbalar hisobidan 3 trillion 40 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ishonchli va muntazam ravishda yo‘naltiriladi.
Dasturda o‘z aksini topgan yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli loyiha-smeta hujjatlarining me’moriy va texnik yechimlari asosida puxta ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida 190 ga yaqin tajribali va malakali loyiha institutlari jalb qilinadi.
Ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanish, qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirish uchun salohiyatli pudrat tashkilotlarini aniqlash bilan bog‘liq tanlovlarni oqilona tashkil etish, ularni o‘tkazish jarayonini nazoratga olish va bu borada samaradorlikka erishishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan ushbu hujjatda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining mas’ulligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Zarur moddiy-texnika resurslarini jamlash maqsadida mahalliy ishlab chiqarish korxonalari tomonidan sement, metall prokati, g‘isht, tomyopqich mahsulotlari, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma do‘konlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, ularni arzon va sifatli qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, ishlab chiqaruvchilar uchun elektr energiyasi va gaz yetkazib berishda preferensiyalar nazarda tutilgan.
 
Dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarni oqilona tashkil etish yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan Respublika komissiyasi tashkil etilgan.
Har bir qishloq kesimida tuman (shahar) hududiy tashkilotlari bilan birgalikda mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish va boshqarish yuzasidan tumandagi sektor rahbarlari boshchiligida maxsus shtablarni joriy etish, jumladan, ushbu shtablarga ishlarni hashar va xo‘jalik usulida bajarishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, moliyalashtiriladigan ishlar bo‘yicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, xususan, soliq yig‘iluvchanligini oshirish va qo‘shimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy byudjet daromadini ko‘paytirish kabi vazifalar yuklangan.
Qayd etilgan tizimlarga arxitektura, sanitariya va texnik talablar asosida shaxsiy mulk egalari o‘z uy-joyini saqlash, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish, yer va mol-mulk soliqlari hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishini ta’minlash va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hasharlarda fuqarolarning bevosita shaxsiy ishtirokini aks ettiruvchi jamoa shartnomalarini tuzish ham ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi qoshidagi Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi uy-joy, bino-inshootlar va tomorqa xo‘jaliklari mulkdorlari tomonidan amaldagi talab va qoidalarni buzish va rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq tegishli choralar ko‘rishi belgilangan.
Mazkur dasturning qabul qilinishi va hayotga izchil tatbiq etilishi mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bu boradagi qadriyatlarimizni izchil davom ettirgan holda, barcha hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini bajarish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etishga xizmat qiladi.