O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi adolat, insonparvarlik g‘oyalari ufurib turgan Bosh qomusimizdir. U Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida ishlab chiqilayotgan qonunlar, farmon va qarorlarning asosiy negizi hisoblanadi. Shu bois Konstitutsiya baxtimiz qomusi, deya ta’riflanadi. Uni puxta o‘rganish orqali o‘z huquq va burchlarimizni anglab yetamiz.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuqlarimiz hamda xalqimiz turmush farovonligi ortib borayotganligi zamirida Bosh qomusimizda belgilab berilgan qoida va haq-huquqlarning o‘rni beqiyos.
Buyuk sarkarda – Sohibqiron Amir Temur asos solgan muazzam davlat adolat tamoyillariga asoslanganligi bilan yetti iqlimga dong‘i ketgan bo‘lsa, oradan olti asr o‘tib haq va xalqparvar g‘oyalar bilan sug‘orilgan Konstitutsiyamiz yangi davlatimizning mustahkam poydevoriga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” nomli ma’ruzasida “Biz “Adolat – qonun ustuvorligida” degan tamoyil asosida jamiyatimizda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni jadal davom ettiramiz. Bu borada huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun, avvalo, mahalla imkoniyatlaridan keng foydalanish, profilaktika inspektorlarining ishi samarasi va mas’uliyatini oshirish, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitini yaratib berish choralarini ko‘rishimiz darkor”, deya ta’kidlagan edi.
Ana shu fikrlarga teranroq nazar tashlab, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘tgan davri mobaynida yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilsak, davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana munosabati bilan aytgan so‘zlarining amaldagi ifodasini ko‘ramiz.
1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan milliy davlatchiligimiz tarixida ilk marotaba mahalla konstitutsiyaviy institut maqomiga ega bo‘ldi. Asosiy qonunimizning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshirilishini belgilovchi norma mustahkamlangan.
Shuningdek, 105-moddada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular faoliyatining huquqiy asoslari ko‘rsatib berilgan. Unga binoan, shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga rais (oqsoqol)ni va uning maslahatchilarini saylaydi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanishi qayd etilgan.
Mazkur konstitutsiyaviy normalar 1993 yil 2 sentabrda ilk marta qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunda rivojlantirilgan bo‘lib, unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy maqomi, fuqarolar yig‘inini shakllantirish va chaqirish tartibi, ular faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy asoslari, vakolatlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tuzilmasi va ishini tashkil etish tartibi belgilandi. Aytish kerakki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi normalar bir qator boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topdi.
O‘tgan davr mobaynida Bosh qomusimizda belgilangan huquqiy me’yorlarga asosan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunlar yangi tahrirlarda qabul qilindi.
Shu bilan birga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga oid ellikdan ziyod qonunosti hujjatlarining qabul qilinishida ham Konstitutsiya asosiy poydevor vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 fevral kuni qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qadriyatlar beshigi sanalmish mahallalarning rolini yanada kuchaytirish, ularning xalqimiz hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish borasida yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu hujjat mamlakatimizda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning zamonaviy talablari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirishni ko‘zda tutadi.
Eng muhimi, farmonda belgilab berilgan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida va yuksak samaradorlik bilan hayotga tatbiq etilishi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mahallalarning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishini ta’minlaydi.
Farmonda O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsad qilingan.
Farmondagi ushbu so‘zlar bilan Konstitutsiyamiz g‘oyalari hamohangdir. Zotan, Bosh qomusimiz tuzilishi va mazmuniga ko‘ra, mustaqillik g‘oyasi bilan sug‘orilganligi, xalqchilligi va demokratik tamoyillar ustuvorligi bilan alohida ajralib turadi. Shuningdek, unda milliylik va umuminsoniylik prinsiplariga ham nihoyatda noziklik bilan yondashilganligini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyamiz barcha moddalarida inson va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, hayotini yaxshilash, xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilganligi bilan ham xalqimizning eng sevimli hayotiy asari sifatida ardoqlidir.
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi katta tantana qilinadi. Yigirma besh yil tarix silsilasi oldida ko‘z ochib-yumgunchalik qisqa fursat. Biroq ana shu o‘tgan davr mobaynida Bosh qomusimizda belgilangan me’yorlarga tayanilgan holda juda katta islohotlar amalga oshirilganini bugun har qadamda ko‘rish, kuzatish mumkin.
Dono xalqimiz o‘z erki, ozodligi, huquq va manfaatlari ifodalangan hamda inson sha’nini oliy darajaga ko‘targan mazkur huquqiy hujjatning ulug‘vorligini allaqachon anglab yetgan. Konstitutsiyani kimdir baxtimiz qomusi, deb ta’riflasa, yana birov benazir huquqiy qadriyat, deya baholamoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Konstitutsiyamizni “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” nomli asarida haqli ravishda “xalqchil qomus”, deb atagan edi. Haq gap. Asosiy qonunimizning ustuvorligi xususida so‘z ketganda, avvalo, unda inson omili, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy maqomga ko‘tarilganini ta’kidlash lozim.
Muqaddimaning dastlabki satrlaridayoq, birinchi navbatda, inson huquqlariga sodiqlik tantanali ravishda e’lon qilingan. Ummon tubidan izlab topilgan noyob duru javohir kishi e’tiborini qanchalik tortsa, muqaddimada qayd etilgan har bir fikr ham ana shunday ta’sirga ega. Xususan, Bosh qomusimizning hozirgi va kelgusi avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat va milliy davlatchilik rivojining tarixiy tajribasi asosida, demokratiya hamda ijtimoiy adolatga sadoqatni namoyon qilish, yurtdoshlarimiz munosib hayot kechirishini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash maqsadida qabul qilingani har bir yurtdoshimizga yuksak ishonch va Vatanga muhabbat tuyg‘usini bag‘ishlaydi.
Muxtasar aytganda, buyuk kelajakni ko‘zlagan ulug‘ elning xalqchil qomusi – Konstitutsiyamizda belgilab berilgan me’yorlarni o‘zimiz uchun dasturilamal qilsak, faoliyatimizda qo‘llab, unga rioya etsak, yanada ulkan maqsadlarga erishamiz.