Davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakulteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilingan edi.
Unga koʻra, ushbu fakultetga ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatish uchun ofitserlar va serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yoʻnalishida oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega boʻlgan shaxslar hamda harbiy xizmatchilar tanlov asosida qabul qilinishi belgilangan.
Fakultetning asosiy faoliyat yoʻnalishlari ichki ishlar organlarining serjant va ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, shuningdek, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishdir.
IIV akademiyasida kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilingan 566 tinglovchining xizmat qasamyodini qabul qilishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda taʼlim muassasasi rahbariyati, oʻqituvchi-murabbiylar, ota-onalar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda IIV akademiyasi boshligʻi B.Matlyubov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar sohani malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Bugun ichki ishlar tizimida faoliyat koʻrsatayotgan har bir xodim – safdor, serjant, ofitser, eng avvalo, vatanparvar, maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom, ruhan tetik va jangovar tayyor hamda sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishi shartligi qayd etildi.
Endilikda yarim yillik maxsus kasbiy tayyorlash kursi boʻyicha taʼlim-tarbiya dasturlarini toʻliq oʻzlashtirgan va attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga “leytenant” hamda “serjant” maxsus unvoni va diplomlari beriladi. Ular jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish, qonunga itoatkorlik va hurmat bilan qarash koʻnikmalarini mukammal egallab, professional ichki ishlar organlari xodimlari sifatida faoliyat boshlaydi.