Murojaatlarning aksariyati qaysi sohaga oid?

Parlament quyi palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 9 oylik faoliyati yakuni va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Bunda qonun ijodkorligi faoliyati yoʻnalishida mehnat, ijtimoiy masalalarga oid 8 qonun loyihasi ustida ish olib borildi, shundan 4 tasi qabul qilindi. Jumladan, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Unga koʻra, endilikda fuqarolar bandligini taʼminlashda xususiy bandlik agentliklari ham ishtirok etishi belgilandi. Ijtimoiy masalalarga oid “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun avgust oyida Senat tomonidan maʼqullandi. Unda asosiy maqsad pensiyalar toʻgʻri tayinlanganligi va toʻlanishi borasida oʻtkazilayotgan tekshirishlarni tartibga solishga kiritilgan.
Shuningdek, 2 qonun loyihasi tashabbuskorlarga qaytarildi, 2 loyiha ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda. Mazkur yoʻnalishda 2018 yil davomida saylovchilar bilan boʻlgan uchrashuvlar natijasida qoʻmita aʼzolari tomonidan yana 4 qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Qoʻmita tomonidan 5 nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi, shundan 4 tasi qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganish, 1 tasi davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishga taalluqlidir. Jumladan, qoʻmita aʼzolari tomonidan Xorazm va Namangan viloyatida mehnatga oid munosabatlar, bandlik dasturining bajarilishi, nogironlikni aniqlashga oid qonunchilikni Qashqadaryo viloyati misolida, nogironlarning ijtimoiy himoyasiga oid qonunchilikni boshqa viloyatlarda oʻrganib, natijalari yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar kiritildi.
Mazkur yoʻnalishda qoʻmita aʼzolari tomonidan 10 deputatlik soʻrovlari tegishli vazirlik va davlat organlari rahbarlariga yuborilib, natijasi qoʻmitada muhokama qilindi.
Yigʻilishda qoʻmita tomonidan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalasi ham kun tartibidan joy oldi. 2018 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida qoʻmitaga 269 murojaatlar kelib tushgan. Ularning 25 tasi qonunchilik, 57 tasi ijtimoiy sohaga, 13 moliya, bank, soliq va bojxona sohasiga oid, 25 tasi uy-joy va yer olish bilan bogʻliq, 15 sogʻliqni saqlash sohasiga oid, 11 sud, 48 prokuraturaga oid va 75 boshqa sohalarga oid murojaatlardir. Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan boʻlishiga qaramay, yigʻilishda mazkur yoʻnalishni yanada takomillashtirish, deputatlarning eʼtiborini kuchaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Shu bilan birga yigʻilishda qoʻmitaning oldida turgan yangi rejalari, qonun loyihalari muhokama qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA