Parlament quyi palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda qoʻmita tomonidan oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari xususida axborot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda qishloq hamda suv xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlar koʻp jihatdan sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish bilan uzviy bogʻliqdir.
Hisobot davrida qoʻmita aʼzolari qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan 3 qonun loyihasida ishtirok etgan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan va qoʻmita masʼul etib belgilangan 12 qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritilgan.
2018 yilning oʻtgan davrida yuqorida qayd etilgan qonun loyihalaridan 6 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan. Bundan tashqari, qoʻmita aʼzolari ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini, “Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonun loyihalarini Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlamoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 20-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirish va faol ishtirokini taʼminlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Joylarda suv taqchilligining oldini olish, suv resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi ustidan samarali parlament nazorati amalga oshirilishi natijasida qishloq xoʻjaligida resurs tejovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etishda belgilangan imtiyozlarni qayta koʻrib chiqib, qoʻshimcha imtiyozlar berish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilgan.
Anjumanda jurnalistlar qoʻmita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar bilan ham atroflicha tanishtirildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlarida Yer kodeksi, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi qonun talablari bajarilishi holatini oʻrganish hamda bu boradi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻzlab berildi.
Shu bilan birga, qoʻmita aʼzolari tomonidan oʻtgan davr mobaynida yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan jami 693 ariza va murojaat koʻrib chiqilgani qayd etildi.
Anjuman davomida taʼlim muassasalarida agrar sohaga oid fanlarni oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda taʼkidlanganidek, qoʻmitada amalda 23 qonun tayyorlandi va qabul qilindi.
Jumladan, qoʻmita qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarining 25 tasiga masʼul boʻlib, ushbu qonun loyihalarining 23 tasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga taqdim etilgan. Shundan 2 qonun loyihasi Qonunchilik palatasidagi barcha qoʻmitalar tomonidan ikkinchi oʻqish uchun taqdim etilgan birlashgan qonunlardan iborat.
Qoʻmita 2018 yil davomida 2 qonun ijrosi boʻyicha nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirdi. Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla faoliyatining huquqiy bazasini takomillashtirish, vakolatlari va samarali faoliyat yuritishi mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgan ishlarning samarasini oshirish maqsadida markazda va joylarda turli tadbirlar, turkum konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazishga eʼtibor qaratdi.
Xalqaro yoʻnalishdagi faoliyat esa qoʻmita aʼzolarining xorijiy parlamentlar tajribasini tahlil qilish va amaliyotga joriy etishga yordam berdi. Oliy Majlisda tuzilgan doʻstlik guruhlariga qoʻmitaning bir qancha aʼzolari kiritilgan boʻlib, ular ana shu parlamentlararo guruhlarining aʼzolari sifatida 2018 yilning oʻtgan davrida 5 dan ortiq xizmat safarlarida boʻlib, xorijiy parlamentlar tajribasi bilan yaqindan tanishib qaytishdi.
2018 yilning oʻtgan davrida qoʻmita fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha faoliyatga alohida eʼtibor qaratdi. Qoʻmitaga kelib tushgan 874 murojaatlarning 253 tasi sudlar, 187 tasi prokuratura idoralari, 96 tasi adliya idoralari, 88 tasi ichki ishlar idoralari faoliyati 250 tasi boshqa sohalarga oid murojaatlardir.
Murojaatlarda koʻtargan muammolarni koʻrib chiqish va hal etish uchun tegishli davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar va mansabdor shaxslarga yuborildi.
Nurillo Nasriyev, OʻzA