Yangi Toshkent har tomonlama qulay, xavfsiz va iqtisodiy faol megashahar bo‘ladi

4

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 dekabr kuni Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, jumladan, yo‘l-transport infratuzilmasi, energetika, uy-joy, ta’lim va boshqa ob’ektlar qurilishining borishi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan, qiymati 100 million dollarlik mazkur avtoturargohda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi.

Bu yerda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosipedlar ijarasi nuqtalari tashkil qilinib, elektromobillarni zaryadlash uchun stansiyalar ham barpo etiladi. Mazkur avtoturargohni 2026 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash, kelgusida elektromobillar ulushi ortishini hisobga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun ma’muriy binolar qurilmoqda.

Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan.

1,4 gektar yerda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurildi.

Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.

Yengil konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellar, mustaqil oqova, samarali markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimi ushbu binoning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish, kelgusida uni kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi hamda tez moslashuvchanligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan.

Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbariga platformalar faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimida shahar va tumanlar hududlariga oid barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar yagona raqamli bazaga jamlandi. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratildi, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilab olindi hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratildi.

Bosh rejalarni ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, shuningdek, ular asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi.

Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha, 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirildi.

“Reyting” elektron platformasida qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini baholash avtomatlashtirildi. “Tender” elektron platformasi vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilindi. “Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish” elektron platformasining yangi versiyasi ishlab chiqilib, qurilish sohasidagi barcha 9 ta xizmat qamrab olindi.

“Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish”, “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim”, “Issiqlik ta’minoti billing tizimi” kabi qator platformalar ham faoliyat yuritmoqda.

Tizimni yanada takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim, – dedi Prezidentimiz.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, joriy yilda 8 million 100 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uylar qurilib, aholiga topshirilmoqda. Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar joy va noturar joy ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Yangi Toshkentda ham keng ko‘lamli uy-joy qurilishi boshlab yuborilgan. Birinchi bosqichda 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.

Ularning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasidagi birinchi qadam “Sharq bahori” turar joy majmuasidir. Majmua mintaqamizdagi eng yirik uy-joy loyihalaridan biri hisoblanadi. 95 gektar hududda 15 mingga yaqin xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar quriladi.

Bugunga qadar bu yerda 1 million 800 ming kvadrat metrdan ortiq qurilish ishlari bajarildi. Bunda “A+” energiya tejamkorlik toifasidagi zamonaviy materiallar qo‘llanmoqda.

Majmuada 15 mingdan ortiq daraxt va ko‘chatlardan iborat yashil hudud tashkil qilish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, avtonom isitish va sovutish tizimlari bo‘ladi, tom qismlari to‘liq quyosh panellari bilan qoplanadi.

Aholining shaxsiy transport vositalarini saqlashi uchun uylarning yer osti qismlarida avtoturargohlar tashkil etiladi. Majmuadan 5-10 daqiqalik masofada bog‘, metro bekati, ma’muriy binolar va ijtimoiy muassasalar qad rostlaydi.

Prezidentimiz tayyor xonadonlardan biriga kirib, sharoitlar bilan tanishdi, Yangi Toshkent aholi uchun har tomonlama qulay uy-joy qurishda butun mamlakatimizga namuna va tajriba maktabi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika ob’ektlari bilan tanishdi.

Trigeneratsiya texnologiyasi shaharni markazlashgan sovutish va isitish bilan ta’minlash uchun zamonaviy yechim bo‘lib, an’anaviy quvvatlarga nisbatan ikki baravargacha kam energiya sarflaydi. Oddiy issiqlik markazlari yoki sovutish tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlari alohida-alohida amalga oshiriladi. Trigeneratsiyada esa bularning barchasi yagona texnologik zanjir asosida birlashtiriladi.

Hozirgi paytda Yangi Toshkentda aynan shu texnologiyaga asoslangan stansiyaning asosiy bino va inshootlari qurilishi jadal ketmoqda. Loyiha doirasida talab etiladigan asosiy asbob-uskunalar xalqaro energiya samaradorlik talablariga to‘la mos keladi.

Birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 megavatt, sovutish tizimi uchun esa 100 megavatt quvvat yaratiladi. Shu bilan birga, 17 megavatt miqdorda qo‘shimcha elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentning birinchi nimstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

Nimstansiya quvvati 100 megavattga teng bo‘lib, Yangi Toshkentning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini ta’minlaydi. Loyiha Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

E’tiborlisi, ushbu ob’ekt O‘zbekistondagi birinchi yopiq turdagi nimstansiya hisoblanadi.

Bunday tipdagi inshootlar an’anaviy ochiq nimstansiyalarga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Avvalo, ular shahar ichidagi muhitga mos loyihalanadi va hudud arxitektura qiyofasini buzmasdan joylashtiriladi. Shuningdek, bunday nimstansiyalarning shovqin darajasi an’anaviylariga qaraganda ikki baravar past bo‘ladi. Bundan tashqari, ochiq turdagi inshootlarga nisbatan uch barobar kam maydon talab qiladi. Bu yangi qurilayotgan Yangi Toshkent kabi murakkab muhandislik konsepsiyasiga ega shaharda juda katta afzallik hisoblanadi.

Prezidentimiz mazkur ob’ektlar bilan tanishar ekan, ularning texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samarasi va Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. Loyihaning yanada samarali ishlashi va kelgusidagi bosqichlarini tez hamda sifatli amalga oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini ham ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bog‘liq.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.

Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.

Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Majmua tarkibida 10 ming talabaga mo‘ljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming o‘rindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, ko‘rgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming o‘rinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.

Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, ta’lim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda bunday zamonaviy ta’lim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.

– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda loyihalashtirilgan.

To‘rt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.

Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan ta’lim va ma’rifat maskanlarining tizimida muhim o‘rin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lishini ta’kidladi. Ilm-fan va ma’naviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori bo‘lishi qayd etildi.

Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligiga e’tibor qaratildi.

Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi ko‘prik Toshkent va Yangi Toshkentni bog‘laydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan bo‘lib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohil hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bog‘laydigan bo‘lajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni o‘z ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilinadi, bu esa yo‘lovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlatimiz rahbari bo‘lajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.

Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini ta’kidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga ham tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur shahar qurilishiga 2023 yilda tamal toshi qo‘yilgan edi. Loyiha uchun Yuqori va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Konsepsiya Britaniyaning “Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda bu yerda 100 dan ziyod katta-kichik loyihalar jadal olib borilmoqda. Har bir tashabbus xalqaro me’yorlar va zamonaviy shaharsozlik tendensiyalariga asoslanadi.

Hozirga kelib, dastlabki inshootlar mahobati ko‘rina boshladi. Yakuniga yetayotgan 2025 yilda yangi shaharda olib borilayotgan qurilish maydonlari 3 million kvadrat metrga yetdi.

Bir qancha uy-joy massivlari qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Infratuzilma ob’ektlarida ishlar jadal bormoqda.

Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlari bajariladi. Natijada 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.

Bunday ko‘lamdagi qurilish uzoq muddatli va barqaror infratuzilmani talab qiladi. Hozirgi paytda hududda yirik yer osti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya kabi barcha tarmoqlarning yer ostidan o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.

Transport qatnovini yengillashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tunnel va yer osti avtoturargohlarining barpo etilishi shaharning kelajakdagi harakatlanish tizimi uchun muhim ekani qayd etildi.

Hududda o‘n kilometrlik sohil bog‘i tashkil etildi. Bir million tup buta va ko‘chatlar ekildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlikda “yashil” tamoyillar muhim o‘rin tutishi lozimligi aytildi. Bunda metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish, piyoda va velosipedchilar uchun xavfsiz, to‘siqsiz yo‘laklar barpo etilishi bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy ma’muriy binolar quriladi. Ayni vaqtda qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat boshlagan.

Investorlarning faolligi ham yuqori. Auksion orqali sotilgan 24 ta tijoriy lot bo‘yicha 2 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Bu mablag‘lar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va o‘ziga xos arxitekturaga ega zamonaviy binolar barpo etiladi.

Ayni paytdagi qurilish jarayonining o‘zida 10 ming nafar insonning bandligi ta’minlangan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Prezidentimizga Yangi Toshkentda barpo etilayotgan turizm ob’ektlari, xizmat ko‘rsatish va dam olish majmualari, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari har bir tashabbusda ilm-fan yutuqlariga tayanish, loyihalarda mahalliy ruhni aks ettirish, eng asosiysi, ular xalq manfaatiga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

Marhabo HOJIAKBAROVA,

O‘zA maxsus muxbirlari