Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga ham ipoteka subsidiyasi ajratiladi (+video)
O‘zbekistonda aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar orasida ipoteka krediti asosida subsidiya ajratish tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eng muhimi, bu yildan boshlab xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar — migrantlar ham ushbu imkoniyatdan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Shu yil joriy etilayotgan yangiliklar va ularning amaldagi natijalari haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ipoteka va subsidiya dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Shahboz Zokirov bilan suhbatlashdik.
Dastavval subsidiya to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz. Subsidiya — bu daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolarga uy-joy sotib olishda yordam berish maqsadida davlat tomonidan ajratiladigan qaytarilmaydigan moliyaviy yordam. Bu yordam orqali fuqarolarga uyning 30 million so‘mgacha boshlang‘ich badali va ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki 5 yildagi foiz stavkasining 12 foizdan ortiq qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. 2025 yil uchun davlat byudjetidan shu maqsadda 2,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
— Kimlar subsidiya olish huquqiga ega?
— Birinchi navbatda yosh oilalar, ko‘p bolali oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan fuqarolar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar subsidiya olish huquqiga ega. Shuningdek, “labor-migration” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlari ham bu imtiyozdan foydalanish huquqiga ega hisoblanadi.
— Migrantlarga ham subsidiya ajratilishi belgilandi. Bu tizim qanday ishlaydi?
— Ha, bu yilgi eng muhim yangiliklardan biri aynan shu. Ilgari xorijda ishlayotgan fuqarolar ipoteka kreditini olishda “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q” degan sabab bilan rad javobini olishgan. Endilikda esa ularning xorijdan yuborgan pul o‘tkazmalari rasmiy daromad sifatida qabul qilinadi.
Mehnat migrantlari “labor-migration” elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ular arizani oila a’zolari yoki vakil orqali ishonchnoma asosida ham topshirishi mumkin.
Arizalar ball tizimi asosida baholanadi — daromad, oilaviy ahvol, uy-joy sharoiti va ijtimoiy mezonlar hisobga olinadi. 30 ball va undan yuqori natija to‘plagan fuqarolar subsidiya olish ajratiladi.
— Joriy yilda necha nafar fuqaro subsidiya xabarnomasini oldi?
— Shu yil 30 ming nafar fuqaroga ipoteka subsidiyasi bo‘yicha xabarnoma berildi. Shuning 15 ming 114 nafariga subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi.
2020–2025 yillar mobaynida esa jami 84 ming 419 nafar fuqaroga davlat tomonidan foiz xarajatlarining bir qismi qoplab berilgan.
1 oktyabr holatiga ko‘ra, joriy yilda 1,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilgan va yil oxiriga qadar moliyalashtirish davom etadi.
— Arizalar qay tartibda qabul qilinadi va jarayon shaffofligi qanday ta’minlanadi?
— Bugungi kunda barcha arizalar my.gov.uz orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Bu tizim to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, ariza beruvchi o‘z murojaatining holatini onlayn kuzatib borishi mumkin.
Arizalar 7 ta mas’ul idora ma’lumot bazalari bilan elektron solishtiriladi. Qarorlar elektron tarzda qabul qilinib, fuqarolarga QR-kodli xabarnoma yuboriladi. Bu inson omilini minimallashtirib, korrupsiyaning oldini oladigan muhim qadam.
— Ayrim fuqarolar subsidiya olishdan chetda qolmoqda. Buning sababi nima?
— Asosiy sabablardan biri hujjatlarning to‘liq taqdim etilmagani yoki ma’lumotlarda xatoliklar bo‘lishi. Shuningdek, fuqaro ilgari davlat yordamida uy olgan bo‘lsa yoki qarz yuki yuqori bo‘lsa, arizasi rad etiladi.
Shuningdek, har bir hudud uchun belgilangan kvota tugagan holatlarda ham arizalar keyingi navbatga qoldiriladi. Biroq fuqarolar keyinchalik yana ariza topshirish huquqiga ega.
— Bu dastur uy-joy bozoriga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
— Subsidiya tizimi qurilish sohasini faollashtirdi. Masalan, 2024 yilda 100 mingta kvartira qurilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 135 mingtaga yetdi.
Qurilish kompaniyalari o‘rtasida raqobat kuchaydi, bu sifatni oshirishga xizmat qilmoqda. Banklar ham ipoteka shartlarini fuqarolar uchun yanada qulay qilish bo‘yicha raqobatga kirishdi.
Bu dastur nafaqat uy-joy sohasini, balki iqtisodiyotning umumiy faolligini ham oshirmoqda.
—Bu dasturning ahamiyatini qanday baholaysiz?
— Ipoteka subsidiyasi — bu nafaqat moliyaviy yordam, balki har bir oilaning uy-joyga ega bo‘lish orzusini amalga oshirishdagi muhim qadam deb bilaman. Endi bu imkoniyatdan xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar ham foydalanishi mumkin. Bu ularning uy-joyga ega bo‘lishiga imkon yaratadi. Qolaversa, buni ularning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini rag‘batlantirish, deb hisoblayman.
Shahnoza Mamaturopova,
Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari