YUNESKO sessiyasiga tayyorgarlik bo‘yicha shtab yig‘ilishi
Samarqand shahrida o‘tkaziladigan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkil etilgan shtabda ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.
Hukumat tashkiliy qo‘mitasi a’zosi, bosh shtab rahbari A.Ikromov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda xalqaro anjumanga tayyorgarlik borasida tegishli ishchi guruhlar tomonidan shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Xususan, sessiya ishtirokchilari va mehmonlarning yurtimizga kelib-ketishi uchun maxsus aviareyslar tashkil etish, “Toshkent – Samarqand” va “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishida qo‘shimcha aviaparvoz va poyezd qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, mehmonxonalarni tayyorlash, asosiy sessiya va tadbirlar hamda madaniy dasturlar o‘tkaziladigan joylarni jihozlash, mehmonlarga hamrohlik qiladigan mas’ullar va gid-eksursovodlar bilan ishlash, matbuot markazi tashkil etish kabi masalalar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglandi.

Sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadigan nufuzli delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarini kutib olish hamda ular qatnashadigan tadbirlar dasturlarini puxta ishlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Samarqand viloyat va shahar hokimliklari tomonidan anjumanga tayyorgarlik doirasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shtab faoliyatini kuchaytirish va unga biriktiriligan vazirlik va idoralar, tashkilotlar xodimlari mas’uliyatini oshirish zarurligi ta’kidladi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri