O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 
Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish, ta’limning yuqori sifatini ta’minlashda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik shaxslar tomonidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’iy nazar, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni litsenziya asosida amalga oshirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalish va vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash orqali ta’lim-tarbiyaning yuqori sifatini ta’minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish;

sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun an’anaviy ta’lim xizmatlari bilan bir qatorda sifatli va ommabop ta’lim olishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bozorini jadal rivojlantirish;

ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida ta’lim sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirish.

3. Belgilansinki, nodavlat ta’lim xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar:

o‘z faoliyatini davlat ta’lim standartlari va talablar asosida amalga oshiradi;

amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga qat’iy rioya qilgan holda yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radi;

o‘qish muddati va shartlari, to‘lov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan o‘zaro munosabat o‘rnatadi;

o‘z faoliyatini aholiga pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, xayriya fondlari va grantlardan kelib tushgan mablag‘lar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi;

bitiruvchilarga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat beradi.

4. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o‘qishga qabul qilishi belgilab qo‘yilsin. Keyingi yillarda o‘quvchilarni bepul (grant asosida) o‘qitishni davom ettirish bo‘yicha qaror nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tomonidan ta’lim oluvchining oilaviy sharoiti va uning akademik natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda aholiga nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan bino, ob’ektlar va inshootlarni davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida o‘rnatilgan tartibda sotishni tashkil etsin.

6. Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilinsin:

ta’lim jarayonini o‘qitishning eng zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatish yo‘nalishida tashkil etish;

o‘zlariga nom tanlashda Vatanimizning mashhur va buyuk olimlari, jamiyat arboblari ismlaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanish;

ilg‘or ilmiy-amaliy tajribani joriy etish hamda chuqurlashtirib o‘rganiladigan fanlarni chet tilida o‘qitish uchun ta’lim jarayoniga xorijiy pedagog va mutaxassislarni jalb qilish.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 2018/2019 o‘quv yili boshlangunga qadar har bir tuman (shahar)da davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibiga rioya qilgan holda maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan kamida bittadan yuridik shaxsni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

8. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga quyidagi to‘lovlardan ozod qilinsin:

barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari), bunda ozod qilinayotgan mablag‘lar ularni zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga maqsadli yo‘naltiriladi;

mehnat shartnomasi asosida ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilingan xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lov.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaruratdan kelib chiqib, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yangi o‘quv asbob-uskunalari va o‘quv materiallarini respublikaga olib kirishda (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to‘lovlar bundan mustasno) bojxona to‘lovlaridan ozod etish va ularning ro‘yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini o‘rnatilgan tartibda kiritsin.

10. Belgilab qo‘yilsinki, yuridik shaxslar tomonidan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda:

chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslarga solinadigan daromad solig‘i va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan to‘lovlardan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida ozod qilinadi;

chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislarga ikki tomonlama aviachiptalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar (uzoq muddatli mehnat shartnomasi asosida – bir yilda ikki martadan oshmagan holda) ish beruvchi tomonidan qoplanishi mumkin;

chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislarning yashash joyi uchun to‘lovlar qisqa muddatli mehnat shartnomalariga asosan (bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga) ish beruvchilar tomonidan amalga oshiriladi, uzoq muddatli mehnat shartnomalari doirasida ularning yashash joyi uchun to‘lovlar shartnoma shartlariga muvofiq ish haqi bilan birgalikda to‘lab beriladi.

11. Tijorat banklariga maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga boshlang‘ich mablag‘ni shakllantirish, bino va inshootlarni sotib olish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, zamonaviy o‘quv jihozlari va o‘qitish vositalarini sotib olish uchun 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan stavkada imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar buyurtmalariga asosan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar tomonidan ishga taklif qilinayotgan xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislarning kirish vizalarini o‘rnatilgan tartibda konsullik va boshqa to‘lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirish vazifasi yuklatilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni belgilaydigan hukumat qarorini qabul qilsin:

nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchilik samarali mexanizmlarini joriy etish;

ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish;

nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar faoliyatini nazorat qilish mexanizmlari;

nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga litsenziya berish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash.

14. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 15 sentyabr

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada
rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 
SHARH


Mustaqillik yillarida ta’lim sohasida yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan tub o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, intellektual, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirishni hamda yoshlarga ta’lim berishni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, shu jumladan, chet tillari, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo‘lgan boshqa fanlarni chuqurlashtirib o‘rganish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.

Xorijiy tajribalar davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat fuqarolarning sifatli ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.

Shuning uchun ham bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta’lim sektorining umumiy o‘rta ta’limdagi ulushi yuqori bo‘lib, Germaniyada 12 foizni, Fransiyada 17 foizni, AQShda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi.

Hozirgi kunda respublikada 43 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi tegishli litsenziyaga ega bo‘lib, xalq ta’limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining aksariyat qismi (27 ta) Toshkent shahrida joylashgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida birorta nodavlat maktabi tashkil etilmagan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta’lim muassasalaridan 20 tasi boshlang‘ich ta’lim (1-4-sinflar), qolgan 23 tasi umumiy o‘rta ta’lim (1-9-sinflar) bosqichlariga mo‘ljallangan, ulardagi 330 ta sinfda 6 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi (davlat maktablari kontingentiga nisbatan 0,12%).

YuNESKO va DGP Research & Consulting konsalting tashkiloti hamkorligida jalb etilgan xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan milliy ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda ta’lim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy ta’lim sektorini rivojlantirishga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Mavjud muammolarni amaliy bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan nodavlat ta’lim muassasalariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish va avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ta’lim va unga tegishli xizmatlar bo‘yicha barcha soliq turlari to‘lovlaridan 2021 yilgacha ozod etish, fanlarni chet tilida chuqurlashtirib o‘qitish va bu orqali ta’lim sifatini oshirish maqsadida ta’lim jarayoniga xorijlik o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb etish nazarda tutilgan.

O‘z navbatida, nodavlat ta’lim muassasalariga taklif etilayotgan xorijlik o‘qituvchi va mutaxassislarga viza berish, aviatransport, turar joy, mehnatiga munosib haq to‘lash va soliqlardan ozod qilish kabi masalalar ham o‘z yechimini topgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan holda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o‘qitish belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda o‘rnatilgan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berish huquqi nazarda tutilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli tartib va me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish topshiriqlari berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi xalq ta’limi tizimida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, xorijiy o‘qituvchilarni jalb qilish yo‘li bilan aniq va tabiiy fanlar, chet tillarni chuqurlashtirib o‘qitish va bu, o‘z navbatida, yoshlarning dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassis kadr sifatida jahon hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzini oshirishiga, barkamol inson bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Qaror nodavlat ta’lim muassasalari sektori kengayishi, respublikaning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta’lim xizmatlaridan foydalanishda tanlovga ega bo‘lishi, yoshlarga munosib ta’lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.