Saudiya Arabistoni axborot agentligi SPA xabar berishicha, Ar-Riyod shahrida Jahon investitsiyalarni ilgari surish agentliklari uyushmasi (WAIPA) bilan hamkorlikda Invest platformasi tomonidan tashkil etilgan Jahon investitsiya konferensiyasi 28-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Podshohlik investitsiyalar vaziri Xolid bin Abdulaziz Al-Falih tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqib, mazkur nufuli anjuman global iqtisodiyotning eng muhim vositalaridan biri – sarmoya masalasini muhokama qilish uchun sara investorlar guruhini birlashtirganiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ham qatnashgan yig‘ilishda 100 dan ortiq davlatdan 3000 nafar vakil to‘plandi. Sessiya va munozaralardan tashqari dastur doirasida 21 davlat investitsiya vazirlari ishtirokida “Paradigma almashinuvi – sanoat siyosati va investitsiya jalb qilish strategiyasi sinergiyasi” mavzusida davra suhbati uyushtirildi. Ekspertlar kelgusi yillarda xalqaro investitsiya landshaftiga asosan yashil iqtisodiyotga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, texnologiya, global ta’minot zanjiri va infratuzilmani rivojlantirish va demografik o‘sish soha taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha muayayn hulosaga kelishdi.

L.Qudratov va Xolid Al-Falih uchrashuida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi dolzarb mavzular muhokama qilindi. Kelishuv asnosida barcha masalalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. 2025 yil birinchi chorakda Samarqand shahrida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazish sanalari ma’qullandi.

Saudiya kompaniyalari rahbarlari bilan kechgan muzokara chog‘ida biznes sub’ektlari faoliyati, imkoniyati, moliyaviy vositalar mavjudligi tahlil qilindi. O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlari salohiyati xususida ma’lumot berilib, joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish, talabgir mahsulotlar yetkazish hajmini oshirish va yangi sarmoyaviy tashabbuslarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Umuman, tashrif davomida Saudiya ishbilarmon doiralarining yurtimizda yaratilgan investitsiya sharoitiga ishonchi yuqoriligi, turli uslublar, jumladan davlat-xususiy sheriklik va suveren bo‘lmagan moliyalashtirish tamoyili asosida uzoq muddatli investitsiya loyihalarida ishtirok etishga tayyorligi tasdiqlandi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA