O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev kuchli raqobat, adolat va oshkoralik ruhida o‘tgan saylovlar natijasida beshinchi chaqiriq Senatning tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada shakllanganini qayd etdi.

E’tiborlisi, Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafari xotin-qizlardir. Bu esa, oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shular haqida Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida ixcham tarkibda shakllangan Senat jamiyatimizning turli sohalarida katta tajriba va bilimga ega bo‘lgan mutaxassislardan tashkil topdi.

Ular orasida olimlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ishtirok etib kelayotgan faol ayollarning borligi qonunlar sifati va ularning ijtimoiy ahamiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, mahalliy Kengashlar tarkibining 60 foizga yangilangani, xususan, yoshlar va ayollar ulushining oshgani mahalliy Kengashlar tomonidan qarorlar qabul qilish jarayoniga yangi tashabbus va zamonaviy yondashuvlarni olib kiradi.

Yoshlarning tashabbuskorligi, ayollarning ijtimoiy masalalardagi faol ishtiroki joylardagi muammolarga tezkor va samarali yechim topish uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangilangan Senat va mahalliy kengashlarning hamjihatlikdagi faoliyati xalqning ishonchini oshiradi, demokratik jarayonlarni mustahkamlaydi va davlat boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bizning vazifamiz – ushbu imkoniyatlarni samarali ishga solib, xalq manfaatlarini himoya qilish va jamiyat rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishdir.

N.Abduraimova,

O‘zA