Toshkentda “Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga idoralararo munosabatning milliy tajribasi: xulosa va natijalar” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bugun «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berilganini alohida qayd etdi.

– Maqsad – mavjud muammolarni tahlil qilish, bu borada keng jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari fikrini o‘rganish, davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilash, inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida barchani birlashtirishdan iborat. E’tirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli «Inson qadri uchun» tamoyili asosida zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunlarimiz takomillashtirildi, jazo choralari qat’iylashtirildi, ushbu illatga qarshi ishlaydigan aniq tizim – Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar va bugungi natijalarimiz – bu borada qilinishi zarur bo‘lgan haqiqiy faoliyatga dastlabki qadamdir.

Bu yo‘nalishda hali muammolar yetarlicha. Buning uchun barchamiz mas’ul bo‘lishimiz darkor. Butun jamiyatimiz zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun yagona kuchga aylanishi kerak. Befarq bo‘lmaslik, zo‘ravonlik aniqlanishi va to‘xtatilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish orqali barbod bo‘lgan taqdirlar, yo‘qolgan umidlarga najot berishimiz mumkin. Albatta, biz xotin-qizlarga, bolalarimizga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va kamsitishlarning oldini olish, chora ko‘rish bo‘yicha ishlarimizni izchillik bilan davom ettiramiz. Bu borada barcha faollarimizning tashabbus va takliflariga tayanamiz – dedi T.Norboyeva.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA