Moskvadagi Kreml davlat saroyida Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lib, do‘stlik va hamkorlik ramzi hisoblanadi.

Rossiya aholisi O‘zbekistonning boy madaniy merosi, uning ko‘p asrlik an’analari, zamonaviy yutuqlari va badiiy o‘ziga xosligi bilan tanishishdek noyob imkoniyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonning taniqli san’at arboblari ishtirokidagi konsert kechaning eng muhim voqeasi bo‘ldi. Konsertda xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, “Ovoz” bolalar loyihasi g‘olibi Sabina Mustayeva ishtirok etib, dilga xush yoquvchi qo‘shiqlarni ijro etdi. O‘zbekiston davlat simfonik orkestri va Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli ham o‘z dasturlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari mamlakatimizning yangi imkoniyatlarga ochiqligi, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan madaniy muloqotni davom ettirishga intilishini namoyon etishini ta’kidladi.

– Bugun biz ajoyib bayram – do‘stlik bayramini nishonlamoqdamiz. Fursatdan foydalanib, xalqimizning boyligi, milliy madaniyatimizning o‘ziga xos xususiyatlarini namoyish qilmoqchimiz. Gulduros olqishlarni eshitishdan yoqimliroq narsa bo‘lmasa kerak, bu sa’y-harakatlarimiz munosib baholanganini anglatadi. Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy aloqalar teran ildizlarga ega va ular rivojlanishda davom etmoqda. Biz avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analar munosabatlarimizni yanada rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbek musiqasi, raqslari va hunarmandchiligi rossiyalik do‘stlarimiz qalbidan chuqur joy egallamoqda, rus adabiyoti, san’ati va ilm-fan yutuqlari esa o‘zbek xalqini ilhomlantiradi, – deydi “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov.

Aziza Alimova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA.

Moskva, Rossiya