Axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish uchun yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning uchun esa kengayib borayotgan xalqaro hamkorliklarning o‘rni beqiyos.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qatarga tashrifi doirasida EXCOM raisi o‘rinbosari Xolid Mannai, «Mannai» korporatsiyasi rahbari Alex Greval, korporatsiya guruhi bosh direktori va «Mannai» InfoTech katta vitse-prezidenti janob Binu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muhokamalarda axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish uchun yurtimizda “offshore” yetkazib berish markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

Uchrashuvda, shuningdek, «Mannai» korporatsiyasi va Qatarning boshqa AT kompaniyalari bilan hamkorlikda xodimlarning malaka darajasini oshirish va ishga yollash xarajatlarini kamaytirishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan loyiha ishlab chiqish masalasiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, maxsus AT o‘quv markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va «Mannai» korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

A.RUSTAMOV, O‘zA