O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari Vashingtonda Qo‘shma Shtatlarning “CNH Industrial”, “Abbott”, “Medtronic”, “Cintana”, “HP”, “Caterpillar”, “Coca-Cola”, “Sierra Nevada Corporation”, “John Deere”, “Boeing”, “Stirling Foundation”, “Cove Capital”, “Bridge Capital Group”, “Stantec Inc” va boshqa yirik kompaniyalar mulozimlari bilan davra suhbati uyushtirdi.
Tadbirda shuningdek, AQSH Oq uyi, Davlat departamenti, Savdo vazirligi va “CLDP” dasturi rasmiylari ham ishtirok etdi.
Yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov va O‘zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov hamda Amerika tomoni vakillari nutq so‘zladi.
E’tiborli jihati, AQSH Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Mark Pomersheym 13 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik muloqoti majlisining IV raundini yuqori baholadi.
Tomonlar xususiy sektor vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy hamkorlikni diversifikatsiya qilish maqsadida ushbu formatni kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotiga aylantirishga kelishib oldilar.