Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini uzluksiz yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb masalasi hisoblanadi.

Ayniqsa, tabiiy gaz va elektr energiyasini talon-taroj qilinishini oldini olish, yo‘qotishlarni barvaqt aniqlash borasidagi ishlar talab darajasida bo‘lmog‘i lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi mutasaddilari energiya resurslarining talon-toroj qilinishini oldini olish, ularga barham berish bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhi bilan maxsus uskunalar yordamida Nukus tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlarda o‘rta va yuqori bosimli gaz tarmoqlaridagi nosozliklar sababli tabiiy gazdan yo‘qotish yuzasidan 17 ta holat aniqlanib, bartaraf qilinishi ta’minlandi. O‘rganishlar respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilib, keyingi ikki kun ichida jami 51 ta holatda tabiiy gazdan yo‘qotishlar aniqlandi.

Sohaga oid ishlarni jadallashtirishga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf qilish, hududlardagi ishchi guruhlar faoliyatini samaradorligini oshirishga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga muddatlari belgilangan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mas’ullar Taxiatosh tumanidagi gaz quvurlaridagi nosozliklar orqali yuzaga keladigan yo‘qotishlarning oldini olish ishlari bilan tanishdi.

Tadbirlarga 7 ta otryad, 20 ta texnika hamda 100 nafardan ortiq ishchi kuchi safarbar etilgan bo‘lib, maqsad, 1,2 million m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishishdir. O‘rganish davomida mas’ullarga ishlarni har tomonlama sifatli va jadallik bilan tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri