O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining taklifiga binoan Saudiya Arabistoni Podshohligi Bosh prokurori Shayx Saud Abdulloh Al Muajib boshchiligidagi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Bosh prokurori Shayx Saud Abdulloh Al Muajib uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Konstruktiv muloqot davomida tomonlar huquqiy hamkorlik masalalari, shuningdek, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, N.Yo‘ldoshev delegatsiya vakillarini mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.
Ishchan va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat idoralararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi muzeyiga tashrif buyurib, tuzilmaning ko‘p yillik tarixi, tajribasi va faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiyaning tashrifi davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA