Saudiya Arabistoni Podshohligining “Sahmnews” elektron nashrida “O‘zbekistonda “Bir mamlakat, bir ustuvor mahsulot” tashabbusi ilgari surilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Muharrir Ahmad Azoyir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Tanlab olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (CAP) barqaror qiymat zanjirini rag‘batlantirishga qaratilgan OCOP loyihasi mamlakatimizda ham yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidlagan.
Nashr xabar berishicha, yaqinda Texnik ishchi guruh tomonidan tashabbusni amalga oshiradigan Milliy ishchi guruhni qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda shirin gilos uchun barqaror qiymat zanjirini yaratish, kichik fermerlarga foyda keltirish, mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilingan.
Maqolada Yevropa va Markaziy Osiyoning 11 davlatida muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan Albaniyada kashtan, Ozarbayjonda anor, Qozog‘istonda olma, Turkiyada anjir tanlab olinib, targ‘ib etilayotganiga ham e’tibor qaratilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA