Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov jarayonini bevosita yoritish uchun kelgan O‘monning “Ar-Raya” nashri muxbiri Ibrohim bin Salim Al-Hodiy bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligida bo‘ldi.

O‘zA rahbari bilan suhbat chog‘ida mehmon O‘zbekistonda saylov jarayoniga innovatsion yondashilgani, jumladan elektron qurilmalardan keng foydalanilgani, ovoz berish yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash tizim asosida muvaffaqiyatli o‘tganini e’tirof etdi.

– Bu yilgi saylov O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning amaliy natijasidir, – dedi Ibrohim bin Salim Al-Hodiy. – Biz borgan saylov uchastkalarida saylov jarayoni qonunchilikka to‘la mos o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar tufayli odamlarning turmush farovonligi yildan-yilga yaxshilanmoqda. Shu bilan birga ularning siyosiy bilimi, tafakkuri ham yuksalgan.

Yana shuni alohida ta’kidlashni istaymanki, O‘zbekistonda quvnoq, mehmondo‘st va ko‘ngli ochiq insonlar yashaydi. Men buni yurtingizga ilk bor kelganimdayoq anglab yetganman. O‘zbek xalqining har qanday yangilik uchun ochiqligi, shu bilan birga o‘z ildizlarini unutmasligi, boy tarixi va an’analarini asrashi meni hayratga soladi. Bu zamin meni mudom o‘ziga chorlaydi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zA va O‘mon axborot agentligi – ONA hamda “Ar-Raya” nashri o‘rtasida muntazam axborot almashish, ikki davlat yangiliklarini o‘zaro yoritib borish maqsadida hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi.

Muharrama Pirmatova, Yoqubjon Meliboyev (video), Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA