“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmatining eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini yozma ravishda xabardor qilish shartligi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash pasporti” talablariga ko‘ra, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini yozma xabardor qilmasdan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Shu o‘rinda, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bunday faoliyat noqonuniy ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va rejalashtirishda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini xabardor qilgan holda faoliyat yuritishlari lozimligi to‘g‘risida ogohlantiradi.
Bugungi kunda ushbu talablarga rioya qilmay xorijda konsert dasturlarini rejalashtirib o‘tkazayotgan xonandalar yo‘q emas. Litsenziya talab va shartlariga rioya qilmagan san’atkorlarning litsenziyasi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan muddatidan oldin to‘xtatilishi ma’lum qilinadi.
O‘zA