Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasi faoliyati hamda 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, S.Lebedev qabul uchun o‘zining cheksiz minnatdorligini bildirib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun 8 ta MDH mamlakatlaridan 167 nafar kuzatuvchi saylov uchastkalarida kuzatuvlar olib borganligini qayd etdi.

Shuningdek, u saylov uchastkalarida saylovchilar uchun barcha qulayliklar, zarur sharoitlar yaratilgani, jumladan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va keksa yoshdagi saylovchilarga bo‘lgan e’tibor va munosabat xalqaro kuzatuvchilar tomonidan yuqori baholanganini bildirdi.

Delegatsiya rahbari o‘z so‘zida kuzatuv davomida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bo‘yicha keng miqyosda va xolis baho olinganini, O‘zbekistonda saylovlar har doimgidek uyushqoqlik bilan o‘tkazilgani hamda saylov jarayoniga mas’ul bo‘lgan barcha tuzilmalarda yuqori malaka hissi paydo bo‘lganini alohida ta’kidladi.

***  

Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri Malayziya parlamenti Senati Raisining o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamad boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan ham uchrashdi.

Muloqot davomida Nur Jazlan Mohamad parlament saylovlariga xalqaro kuzatuvchi sifatida taklif etilgani hamda iliq va samimiy qabul uchun O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuksak baho berib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hududlarni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasini ko‘rganligini qayd etdi.

Malayziya parlamenti Senati Raisi o‘rinbosari bo‘lib o‘tgan saylovlar yangi tahrirdagi Konstitutsiya, yangi qonunchilikka asosan aralash saylov tizimi — majoritar va proporsional shaklda o‘tkazilgani bilan avvalgi saylovlardan tubdan farq qilgani, partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar taklif etilgan ayollarning ulushi 40 foizdan kam bo‘lmasligini yuqori baholadi.

M.Komilova tayyorladi,

O‘zA