Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida 25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident Administratsiyasi, Hukumat mas’ullari, Senat a’zolari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari rahbarlari, shaxsiy tarkibi hamda faxriylar ishtirok etdi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ichki ishlar organlari xodimlarining xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi katta xizmatlari minnatdorlik bilan e’tirof etildi.
Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ularni el-yurt manfaatlari yo‘lida xizmat qiladigan xalqchil va professional tizimga aylantirish bo‘yicha qilingan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar qayd qilindi.
Davlatimiz rahbarining qutlovida ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shartligi ta’kidlanib, tizim xodimlariga ezgu tilaklar bildirilgan.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov soha xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi.
– Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdek olijanob vazifaga o‘z hayotini bag‘ishlab kelayotgan xodimlar, harbiy xizmatchilar, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila a’zolariga chuqur minnatdorlik izhor etaman, – dedi P.Bobojonov. – Mustaqillik yillarida barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, keyingi sakkiz yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tizimda puxta o‘ylangan va keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Natijada Yangi O‘zbekistonda “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga tayangan, yurtimizdagi osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan, sodiq, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan yangi tizim yaratildi.
Davlatimiz rahbari “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim, bu – ichki ishlar sohasi, desak ayni haqiqat bo‘ladi”, deb ta’kidlagani yuksak ishonch bo‘lishi bilan birga soha xodimlari zimmasiga yuksak mas’uliyat ham yuklaydi.
Tadbirda safdor, serjant, ofitser va generallar hamda muhtaram faxriylarning el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli xizmatlari munosib e’tirof etildi.
Prezidentimizning kuni kecha e’lon qilingan farmoni bilan mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, Vatanimiz osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, tinchlik, barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli va namunali faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun bir guruh xodimlar Vatanimizning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mukofotlarni ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov o‘z egalariga topshirdi.
Bir guruh xodimlar vazirlikning idoraviy ko‘krak nishonlari, qimmatbaho esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng tadbirga tashrif buyurgan martabali mehmonlar, davlat organlari va tashkilotlari mutasaddilari ichki ishlar organlari xodimlarini bayram bilan tabrikladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilgan islohotlar, zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash, xizmat sharoitini yaxshilash, xodimlar va ularning oila a’zolarini ishonchli ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi. Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar xodimlarning tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi xizmatlariga yuksak baho berildi.
Tadbirga san’atkorlarning chiqishlari o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA