Yaqinda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va Bahrayn Savdo-sanoat palatasi ijrochi direktori Atif Muhammad Al-Haja o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

O‘zaro suhbat chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Bahraynning alyuminiy ishlab chiqarish bo‘yicha tajribasidan kelib chiqib, ushbu o‘lkaning “Aluminium Bahrain” (Alba) alyuminiy ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar 2024 yil oxirigacha O‘zbekiston va Bahrayn ishbilarmon doiralari delegatsiyasining o‘zaro tashrifini tashkil etish, shuningdek, alyuminiy ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

M.Pirmatova, O‘zA