Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi tashkil etilganining 50 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda Yangi O‘zbekistonda ona va bola salomatligini himoya qilish orqali milliy genofondimizni asrash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashdek g‘oyat sharafli ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Markazning ko‘pmillatli ahil jamoasi – jonkuyar shifokorlar, olim va mutaxassislar, zahmatkash hamshiralarga fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

So‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan dasturlarimiz doirasida ona va bola salomatligini  mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotganimiz albatta bejiz emas. Chunki bu yurtimizdagi har bir inson va oila, butun jamiyatning baxti va kelajagi bilan bog‘liq g‘oyat muhim masaladir.

Shu maqsadda tibbiyotimizning ushbu yetakchi tizimi ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida isloh qilinib, uning moddiy-texnik, ilmiy-metodik bazasi, kadrlar salohiyati, tarkibiy tuzilmasi tubdan takomillashtirildi.

Ayniqsa, o‘tgan yili tarixiy an’analarga ega bo‘lgan uchta muassasa negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etganimiz bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ldi. Natijada mamlakatimizda 9 million 200 ming nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda homila salomatligini nazorat qilib borishning yaxlit va vertikal boshqarish tizimi yaratildi, takomillashtirilgan tibbiy profilaktika hamda patronaj xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqda so‘z yuritganda, ilk bor yurtimizdagi har bir oila patronaj hamshiralar va “Ayollar maslahatxonasi” bo‘limlari orqali Markaz bilan bog‘langani, birlamchi bo‘g‘indagi tibbiy brigadalar tarkibiga 8 ming 500 nafar doya shtati ajratilganini ta’kidlash lozim.

Bugungi kunda Markaz o‘z tarkibida 14 ta hududiy filial, 46 ta tumanlararo perinatal markaz, 170 dan ortiq tug‘ruq kompleksi va 209 ta Ayollar maslahatxonasini birlashtirgani uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu esa ana shu muassasalar ishini samarali muvofiqlashtirib, birlamchi tizimda patronaj xizmatini sifatli yo‘lga qo‘yish, homilador ayollarni skriningdan o‘tkazib, ularning salomatligini muntazam tahlil qilib borish, bir so‘z bilan aytganda, xavfsiz onalikni ta’minlash imkonini bermoqda.

Markaz dunyodagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, tibbiy diagnostika va davolashning ilg‘or usullarini klinik amaliyotga keng joriy etayotgani ham diqqatga sazovordir. Xususan, ginekologiya yo‘nalishida yiliga 1300 dan ortiq jarrohlik operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, 36 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yilgani qancha-qancha yurtdoshlarimizni ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, chet elga borib davolanish tashvishidan xalos etmoqda.

Markaz yurtimizdagi davlat davolash muassasalari orasida birinchi bo‘lib xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani uning nufuzi nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Inson, jumladan, ona va bola salomatligiga nisbatan xavf-xatarlar tobora ko‘payib borayotgan hozirgi murakkab zamonda bu borada oldimizda yanada dolzarb vazifalar paydo bo‘lmoqda. Bu esa barchamizdan har qachongidan ham ko‘proq mehnat, izlanish va safarbarlikni talab etmoqda.

Ushbu sohaning fidoyi vakillari bo‘lgan siz, azizlar buni chuqur anglagan holda, o‘z bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan el-yurtimizga yanada faol xizmat qilasizlar, deb ishonaman.

O‘z navbatida, soha rivojiga alohida ahamiyat berish, sizlarning sharafli mehnatingizni munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham davlatimizning e’tibor markazida bo‘ladi.

Sizlarni bugungi quvonchli sana bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga tinchlik va baxtu saodat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti