Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent va Xiva shaharlarida ikki kun davom etgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya ishi yakuniga yetdi.

Xalqaro nufuzli konferensiyaning to‘rtinchi shu’basi Xiva shahrida muqaddas Qur’on tilovati bilan boshlandi.

Anjumanda Xalqaro musulmon ulamolari kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, Musulmon donishmandlari kengashi huzuridagi Tinchlik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Samir Budinar, Misr muftiysi, doktor Nazir Muhammad Ayyod, Hindiston “Dar al-Huda” Islom universiteti prorektori Jamoluddin Nadavi, Bulg‘or islom akademiyasi doktori Sayful Asriy, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay Tag‘an o‘g‘li, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez, Turkiya Tekirdag‘ universiteti professori Xalit Eren, Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori Karim Ifrak ma’ruzalar qildi.

Notiqlar, jumladan, qatnashchilar yurtimizdan buyuk alloma va ulamolar yetishib chiqqani, ularning ilmiy merosini o‘rganish bugungi kunda naqadar muhim ekanligi, shuning bilan birga, ularda Islomning asl insonparvarlik mohiyati ochib berilgani, eng ulug‘ ne’matlardan bo‘lgan tinchlik va omonlikni asrab-avaylash borasida dolzarbligini yo‘qotmaydigan chaqiriqlar aks etganini ta’kidlashdi.

– Bugungi xalqaro uchrashuv ham foydali va samarali bo‘lganiga ishonchim komil, – deydi Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay Tag‘an o‘g‘li. –Islom dini ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratishini yaxshi bilamiz. Insonlarning ijtimoiy xavfsizligini faqat islom dini to‘liq ta’minlay oladi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Bu masala bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda uning o‘ziga xos xususiyatlari, muammolari ham bor. Biroq bugungi uchrashuvimiz ana shu muammolarni hal etish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri, deyish mumkin. Ijtimoiy himoya deganda, avvalo, kam ta’minlanganlar, muhtojlar ko‘z oldimizga keladi. Ha, har bir jamiyatda boy va kambag‘al, kuchli va zaif, sog‘lom va kasal yonma-yon yashaydi. Biroq barchamiz Xudo oldida tengmiz, faqat ba’zi holatlarga ko‘ra huquq va burchlarimizda tafovutlar bo‘lishi mumkin. Ko‘rlarga yordam berish, kar va soqovlar bilan tushunish darajasida muloqot qilish, muhtojni kerakli joyga yetaklab borish, darddan qutulish yo‘lini izlayotgan jabrlanuvchiga, zaif va gapirishda qiynaladigan kishiga yordam berish – bularning barchasi sadaqadir. Har bir yaxshi so‘z ham xayr-ehsondir.

Konferensiya ishida hozirgi paytda islomofobiya, ayrim davlatlar o‘rtasida turli majorolar davom etayotgani, globallashuvning salbiy jihatlari avj olayotgani qayd etilib, bu kabi muammolarning oldini olish uchun Islom dini ta’limotlarini chuqur o‘rganish, yoshlar o‘rtasida ilmni targ‘ib qilish lozimligi qo‘llab-quvvatlandi.

– Olim sifatida yoshlarga, ushbu anjumanni kuzatib borgan sog‘lom fikrli kishilarga aytar so‘zim shuki, mutaassib fikrlarga ergashayotganlar bilib qo‘ysin, Islom – ezgulik dini. U hech qachon qon to‘kishga, zo‘ravonlik qilishga undamaydi. Muqaddas islom nomidan amalga oshirilayotgan xunrezliklarning buyurtmachilari mo‘minlardan emas, – dedi Bulg‘or islom akademiyasi doktori Sayful Asriy. – Islom ma’rifatini, uning insonparvarlik g‘oyalarini, bag‘rikenglik borasidagi tavsiyalarini o‘rganmoqchi bo‘lganlar, buzg‘unchi toifalarning yetakchilariga emas, sof tafsirga, Rasulimiz sallolohu alayhi vasallamning sunnatlariga tayangan holda saboq berayotgan, biror-bir yurtda fitnaga yoki ixtiloflarga sabab bo‘lmagan, hur fikrli olimlarimizning fikrlariga e’tibor qaratsinlar. Chunki, mutaassib fikrlarga qo‘shilishning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Kim dinda chuqur ketsa, u adashadi. Jahondagi bir qancha mamlakatlarni katta tashvishlarga solayotgan bu fitnalarga kuch bilan emas, ma’rifiy yondashuv bilan yechim topishni taklif etgan O‘zbekiston Prezidentining barcha chaqiriqlarini biz olimlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, bu chaqiriq faqat islom ummati uchun emas, balki butun bashariyat uchun najot sadosidir.

Ma’ruzalardan so‘ng ishtirokchilar mavzu doirasida bir qator ezgu tashabbuslarni ilgari surdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘lladilar.

Shuningdek, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Nufuzli anjuman ishtirokchilari Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasining asori- atiqalari bilan tanishib, muqaddas qadamjolarini ziyorat qildilar.

YUNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obida joylashgan. Shahar 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.

Mehmonlar tanishuvni “Ota darvoza”dan boshlab, noyob “Ko‘hna ark” majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Juma masjidi va boshqa obidalarda davom ettirdi.

– O‘zbekistonda muqaddas joylar, qadamjolar juda ko‘p, – deydi Al Azhar bilim yurti kafedra boshlig‘i Avod Mahmud Salim. – Ularning tarixini o‘rgangan kishi shu yurtni sevib boraveradi. Chunki, bu zamindan Al Xorazmiy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi buyuk allomalar, dunyoga dong‘i ketgan diniy ulamolar yetishib chiqqan. Qadim shaharning bugungi ko‘rnishi, uning asrab-avaylanayotgani tahsinga sazovor.

Xiva tarixi va uning ilm-fan, Islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),

O‘zA muxbirlari