Turizm qo‘mitasida “BBC Studios France” televizion korporatsiyasi ijrochi prodyuseri Jak Toma Rishar bilan “Top Gear France” avtomobil shousining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonini suratga olish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirishning barcha muhim jihatlarini qamrab oladigan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur shou doirasida tasvirlarni mamlakatimizning har jihatdan jozibadorligini ochib beradigan joylari, jumladan, shaharlarning zamonaviy va tarixiy qismlari, cho‘l va tog‘li zonalarda olish hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish yuzasidan kelishib olindi.

Turizm qo‘mitasining O‘zAga ma’lum qilishicha, hududlar va jalb qilinadigan avtomobillar masalasida joriy yil noyabr oyida ijodiy guruh tashrifi tashkil qilinadi.

Ushbu mashhur shouning mamlakatimizda suratga olinishi va keng ommaga taqdim etilishi fransuz va ingliz tilli segmentda O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi, turizm salohiyatini namoyon qilish yo‘lida muhim loyihalardandir.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA