Shu kunlarda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xodimlari Turkiya Dori vositalari va tibbiy buyumlari agentligi tomonidan tashkillashtirilgan o‘quv kursi doirasida Turkiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari misolida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, postmarketing nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha malaka oshirmoqda.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi axborot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, mazkur o‘quv kursining maqsadi – milliy tartibga solish tizimini takomillashtirish, global tajribalarni o‘rganish, shuningdek, postmarketing nazorati tizimini amaliyotga tatbiq etishdir.

Kurs davomida ishtirokchilar Turkiya va Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi me’yoriy hujjatlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari va postmarketing nazorati bo‘yicha amaliy bilimlarni o‘zlashtirmoqda.

O‘quv kursi, ayniqsa, sohaning xalqaro miqyosdagi rivoji va zamonaviy talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda tibbiy buyumlar nazorat tizimini takomillashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda aholining sog‘lig‘ini himoya qilish, xavfsiz va sifatli tibbiy buyumlar yetkazib berishga xizmat qiladi.

M.Qosimova, O‘zA