Abu-Dabi shahridagi “Rixos Marina” mehmonxonasida joriy yilning 1 oktyabr kuni mamlakatimiz davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekistonning BAA dagi elchixonasi, Dubaydagi Bosh konsulxona hamda faol vatandoshlar hamkorligida tashkil etilgan bayram tadbirida Amirliklar tomonidan Adliya vaziri Abdulla bin Sultan bin Avad Al Nuaymi rasmiy mehmon sifatida qatnashdi. O‘zbek xalqini mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Shuningdek, tadbirda BAAda joylashgan diplomatik vakolatxonalar, jumladan, 61 nafar xorijiy elchilar, xalqaro tashkilotlar, Amirliklar vazirlik va idoralari, hamkor tashkilotlar rahbarlari hamda amirliklarda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Bayram tadbiri O‘zbekiston va BAA davlatlari madhiyalari sadosi ostida boshlandi. O‘zbekistonning BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi A.Aqqulov mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yetti yilda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida gapirar ekan, mamlakatimizning barcha sohalarda bosib o‘tayotgan taraqqiyot yo‘lini alohida ta’kidladi.  O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik yildan yilga  rivojlanayotganini qayd etdi. Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri, Dubay Amirligi valiahdi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktumning yaqinda O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi ham keng qamrovli, o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ko‘magida tashkil etilgan konsert dasturi o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Mehmonxona monitorlarida namoyish etilgan mamlakatimiz turizm salohiyatini aks ettiruvchi videoroliklar, milliy qadriyatlarimiz aks etgan taqdimot materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘rgazmasi yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi. O‘zbek milliy taomlari esa mehmonlarga juda manzur bo‘ldi.

O‘zA